Chinakam rivojlanish qalbdan boshlanishi kerak...

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yurtimizdagi bir qator taniqli olimlar, jumladan, yuridik fanlari doktori va professor Halimboy Boboyev, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi – akademik, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, psixologiya fanlari doktori, professor, akademik, “Profi” universiteti rektori G‘ayrat Shoumarov, shuningdek, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori Nurislom To‘xliyev ishtirokida “Hayotimiz fayzi – ustozlar bilan” mavzucida ilmiy anjuman o‘tkazildi.
Tuman hokimi Z. Nizomiddinovning tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda turli soha vakillari, mahalla yoshlar yetakchilari va faollari, ma’naviyat mutasaddilari, o‘qituvchilar, davlat tashkilotlari xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘ldi.
Saodat – ma’naviyat va moddiyat muvozanatida
– Huquq va burch doim birdek keladi. Tanganing ikki tomoni bor. Qanchalik huquq berilsa, shunchalik mas’uliyat ham oshib boradi, — deydi so‘zga chiqqan olim Halim Boboyev. — Yangi O‘zbekistondagi oddiy fuqaro sifatida oxirgi o‘zgarishlardan, davlat siyosati, eng avvalo, inson qadriga qaratilgani, jadal islohotlar shukuhi bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bu ulug‘vor ishlarga har birimiz o‘zimizning munosib ulushimizni qo‘shsak, davlatimiz tez rivojlanadi. Bugungi yoshlar saodatga erishmoq uchun ma’naviy va moddiy dunyoning muvozanatiga erishmog‘i kerak.
Yoshligimiz Bekobodda o‘tgan. Shu sababli bunday dilbar tadbirga taklif etishganida darrov rozi bo‘la qoldim, — deya so‘zini davom ettiradi notiq. — Baxtga faqat mehnat bilan erishiladi. Hayotda ezgu niyat, ezgu so‘z va ezgu amal bilan to‘g‘ri yurish kerak. Yoshlarimiz ota-onasini asrashi lozim. Hozir aytamanki, agar ota-onam tirik bo‘lishganida, men ularni qo‘limda ko‘tarib yurar edim. Lekin ba’zan “ularning xizmatlarini to‘kis qiloldimmikin”, degan savol meni qiynaydi...
O‘zimni boy deb o‘ylayman. 60 yildan buyon dars beraman. Qayerga bormay 4-5 nafar shogirdlarim peshvoz chiqishadi. Boshqa mamlakatlarda ham yashashadi. Bundan ortiq boylik bo‘ladimi inson uchun? Bugun O‘zbekiston ochiq, dunyo ochiq. Tillarni puxta bilish kerak. Yoshlar jahonga shunchaki emas, balki katta ilm va ma’rifat bilan chiqishi kerak. Biz olimlar ham jim qarab turishga haqimiz yo‘q, ilm-fan va huquq yo‘nalishida qo‘ldan kelguncha taraqqiyotga hissa qo‘shdik, qo‘shyapmiz va bundan keyin ham qo‘shamiz.
Halovatda oliy baxt bor
– Mustaqillikning 34 yilligi katta sarhisob uchun arzirli davr. Biz uch davrni qiyoslab, taqqoslash imkoniyatiga egamiz. Ijtimoiy katta muammolarga ega bo‘lgan o‘tish davri qiyinchiliklarini boshimizdan o‘tkazdik. Bugungi kundagi yangilanishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Xalq bilan muloqotga asosiy e’tibor qaratildi, — deydi so‘zga chiqqan akademik, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov. — Muhtaram Prezidentimizning ulkan bunyodkorlik siyosati bilan bugungi tahlikali dunyoda yurtning mana shunday jadal taraqqiyotini ko‘rish, uning ishtirokchisiga aylanish – bu faqat baxt.
Bekobod tumanining 80 km.dan ortiq chegarasi qo‘shni Tojikiston bilan tutash. Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston bilan chegaralar masalalari hal bo‘lganini sizlar kundalik hayotingizda his qilib turibsiz. Bu juda og‘ir, ehtimol hal qilib bo‘lmaydigan muammodek tuyulardi. Siyosatchining donoligi, integratsiya yo‘lidagi qat’iy irodasi, eng olis hududlardagi oddiy odamlar dardini yuragi prizmasidan o‘tkazib choralar ko‘rayotgani ana shunday tarixiy natijalarni berdi.
Bugungi kunda “Uchinchi Renessans” g‘oyasi ilgari surildi. Bu havoyi gaplar emas. Yoshlarimiz katta ixtirolarga qo‘l uryapti. Jahonning TOP-10lik oliygohlarida o‘zbek talabalari safi kengaymoqda. Biz kelgusi barkamol avlodga ishonib, katta investitsiya kiritib, qamrov va sifatni oshirib qo‘ygan marralarimizga erishamiz, albatta.
Oila baxti – jamiyat baxtidir
— Biz odatda yoshlar bilan uchrashardik. Tuman markazida o‘tayotgan bugungi davra ishtirokchilari turli soha vakillaridan iborat ekan, menga juda manzur bo‘ldi. Hozir juda yaxshi zamonda yashayapmiz. Muqaddam bugun xalqimiz mana shunday farovon yashashini tasavvur ham qila olmas edim, — deydi so‘zga chiqqan psixologiya fanlari doktori, professor, akademik, “Profi” universiteti rektori G‘ayrat Shoumarov. — Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, rahbar psixologiyasi, ijodkor psixologiyasi, ayollar va erkaklar psixologiyasi, o‘qituvchilar psixologiyasi, yoshlar psixologiyasi bor.
Dunyoni o‘zingiz kuzatib turibsiz. Afsuski, oila instituti juda og‘ir ahvolga tushib qoldi. Bir paytlar urushlardan eshelonlab yetim bolalarni bitta qoldirmay o‘z bag‘riga olgan millatning ayrim ma’naviyatsiz shaxslari bugun o‘z farzandini ko‘chaga olib chiqib sotyapti. Shundaylar oramizda borligi iztirobli. Milliy qadriyatlarimizga befarqlikka toqat qilmaslik kerak, — deya kuyunchaklik bilan davom etadi akademik G‘.Shoumarov. – Oila baxti – jamiyat baxtidir. Oilada munosabatga kirishuvchi tomonlarning bir-biriga ehtirom va hurmati bu xilqatni mustahkamlovchi eng asosiy omildir. Psixologik savodsizligimiz yuqori. Odatda elimentar narsalarni ham bilmaymiz. Ajrimlar ko‘payotgani, qo‘ydi-chiqdilar ko‘payotganiga barchamiz birdek mas’ulmiz.
“Oila psixologiyasi” kitobining muallifi sifatida aytishim mumkinki, oilaviy inqirozli holatlarning turli bosqichlarida yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishimiz lozim. Muammolarni biz hal qilmasak, kim hal qiladi? Psixologik qonuniyatlar, jinsiy tarbiya soatlarini, muhabbat talqinlarini tizimli o‘qitishimiz kerak. Albatta, bizdan keyingi avlod qanday bo‘lishi, ko‘p jihatdan yetuk yoshdagi biz kabi shaxslarga bog‘liq bo‘ladi. Va bu davrada o‘tirgan hech birimiz ushbu vazifamizni unutmasligimiz lozim.
O‘ziga to‘qlargina boshqalarning boshini silay oladi
— Bugun zamonaviy texnologiyalardan bemalol foydalana oladigan yigit-qizlarimizga tarbiyaning qanday shakli kerakligini teran anglashimiz zarur, — deydi so‘zga chiqar ekan, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik Nurislom To‘xliyev. — Yaqinda menga bir shogirdim savol berdi: xalqni birlashtiradigan tilmi, dinmi yoki iqtisodiy omillarmi? Qay birini birlamchi, deb hisoblaysiz ustoz, deb qoldi?
Iqtisodiyot albatta birlamchi, o‘ziga to‘q odam birovning boshini silay oladi. Osiyo iqtisodiyotida lokomotiv davlat bo‘lgan Singapur davlatini oling. Uchta til, uchta din, uchta millat vakillari yashaydigan juda g‘aroyib mamlakat. Yer osti resurslari mutlaqo yo‘q. Bitta yutug‘i, ochiq dengizi bor. Mamlakat katta taraqqiyotga erishdi. Iqtisodiy islohotlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya oldi. Qaysi davrda iqtisodiyot barqaror rivojlangan bo‘lsa, o‘sha davrda ilm-fan, tibbiyot, din, barcha sohalar birdek yuksalgan. Bugungi kunda mana shu kabi izchil islohotlar hayotimizda jadal amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, kamchiliklarimizni ham ochiq aytishimiz, oynaga tik qarashni o‘rganishimiz lozim. Biz haligacha Avloniy, Fitrat, Behbudiy kabi jadid bobolarimizni o‘ylantirgan maishiy muammolardan qutulib keta olmayotganimiz ham rost, — deya davom etadi iqtisodiyotchi olim. – Yoshlarimizga qarasangiz, ularning yurish-turishi, o‘zini tutishi, gap-so‘zlari qanday erkin va dadil. Hech birining egni qisiq emas. Havas qilsa arziydi. Bu ham Yangi O‘zbekistonda kechayotgan yangi hayotiy tutumning yorqin belgisi, yangi davrning nafasi ifodasidir. Ana shu farzandlarimiz endi o‘zini, o‘zligini, kimning farzandi ekanini chuqur anglab olishlari kerak.
Dunyoda kechayotgan urushlar insonning bir parcha non kabi qadri yo‘qligini ko‘rsatyapti. Shu sababli yurtimizning erki va mustaqilligi naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini unutmaslik kerak. Suv o‘z yo‘lini topgani kabi, globallashgan dunyoda yoshlarimiz shu Vatanning qadrini bilgan holda o‘zining to‘g‘ri o‘zanini topib olishi kerak. Bu jarayonda barchamiz, ayniqsa, biz olimlar yaqindan ko‘mak va yordam berishimiz zarur. Chinakam rivojlanish qalbda boshlanishi kerak. Ozod va erkin insonning qalbi bilan ishlamoq kerak, sof insoniy kechinmalarni ulug‘lab kamolga yetkazishimiz juda muhim.
Tadbir so‘nggida munozaralarda faol ishtirok etgan, e’tiborli savollar bergan ishtirokchilarga 100 dan ortiq kitoblar akademiklar dastxatlari bilan tuhfa etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter