Er yuzidagi eng chuqur g‘or nomiga da’vogar Xo‘ja G‘urg‘ur

«Ushbu satrlar muallifi 1988 yili jurnalistika so‘qmoqlarida Rossiyaning Sverdlovsk (Hozirgi Yekaterinburg) shahridan kelgan bir guruh yosh speleolog-g‘orshunoslarni uchratgan edi. Ular Boysun tog‘larida sobiq Ittifoq hududida eng baland bo‘lgan, bir necha kilometrga cho‘ziluvchi va bir-biri bilan tutashuvchi g‘orlar silsilasini tadqiq qilgandilar. Maqsad eng chuqur va eng uzun g‘orlarni topish edi. Kelgusida, ehtimol yaqin yillar ichida o‘zimizning yosh g‘orshunos, arxeolog va san’atshunoslar, olimlar Boysun va Ko‘hitang tog‘laridagi g‘aroyib g‘orlarni Zarautdan qolishmaydigan, balki undan-da qadimiyroq bo‘lgan ibtidoiy san’at asarlarini topish maqsadida tadqiq qilishar, nafaqat o‘tmishi, balki kelajagi ham buyuk bo‘lgan ona diyorimiz – O‘zbekistonning olamaro shuhratiga shuhrat qo‘shishar!»
Mazkur iqtibos «Zarautsoy tilsimlari» kitobidan keltirildiki, bu bilan bayon etilmish mulohazalar ma’lum ma’no-darajada endilikda isbot topayotgani ta’kidlanadi.
Bunga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lgan kishi 2017 yilning fevral oyi internetda, xalqaro National Geographic saytida e’lon qilingan maqolaga birrov ko‘z tashlashi kifoyadir. Mark Sinott qalamiga mansub material «O‘zbekistondagi «yer osti Everesti» – dunyodagi eng chuqur g‘or nomiga bosh da’vogar» deb ataladi. Germaniyalik jurnalist O‘zbekistonning Boysun tog‘larida joylashgan, dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri hisoblanuvchi Dark Star – Qorong‘i yulduz (Boysun ahli uni azaldan Xo‘ja G‘urg‘ur ota deb ataydi) g‘origa tajribali speleolog Larisa Pozdnyakova bilan birgalikda tushib chiqqan.
«Keyingi o‘n yillikda ushbu maskan butun dunyo speleologlarini o‘ziga jalb qildi, – deb yozadi xorijiy jurnalist. – Bu ulkan tizim shunisi bilan ham jalb qiladiki, alpinistlar Yer yuzidagi eng baland tog‘ cho‘qqisi Everest ekanini yaxshi bilishadi, lekin tubsiz g‘orlar u qadar yaxshi o‘rganilmagan. Yer ostida nima yashirin ekanidan ko‘ra, Mars haqida ko‘proq narsa bilamiz. Bugungi kunda Gruziyadagi Kruber g‘ori eng chuqur g‘or hisoblanadi – 7,208 fut. Biroq endilikda Dark Star bu nomni undan tortib olishda bosh nomzoddir.»
Tarkibiga Rossiya, Italiya va Isroil speleologlari kirgan 31 kishilik xalqaro ekspeditsiya jamoasi o‘z texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib isloh qilgan «yer osti Everesti» ning chuqurligi bir kilometrni tashkil qiladi. Tadqiqotchilar g‘orning tubi 2,650 metrdan iboratligini aytishgan. Bu esa Gruziyadagi Kruberdan 500 metrga chuqurroq degani. Oldingi ekspeditsiyalar qatori bu safargisi ham arqon yetishmasligi natijasida tugallandi, boz ustiga g‘or tadqiqotlari bundan-da mukammal texnik jihoz va keng imkoniyatlarni talab qilar edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, g‘or 1984-yilda rossiyalik tadqiqotchilar tomonidan topilgan, biroq tizimni o‘rganishda britaniyaliklar birinchi bo‘lishdi – ular 1990-yilda uni tadqiq qilib, 70-yillarning ilmiy-fantastik filmi bo‘lgan Dark Star (Qorong‘i yulduz) nomini berishgan.
G‘orga kirish oson kechmagan. Buni tushunish uchun, avvalo, dengiz sathidan 3700 metr balandlikdagi tog‘ni tasavvur qilaylik. Boysuntov tizmasining Xo‘ja G‘urg‘ur ota tog‘i 300 metrlik tik devorga ega. Ana shu tik devorning qariyb o‘rtasiga, ya’ni 160 metr balandlikka chiqish lozim edi. Xalqaro «Boysun – 90» rus-ingliz speleoekspeditsiyasi tarkibida ishlayotgan «Aspeks – 90» ingliz guruhi tadqiqotchilari ana shu tik qoya o‘rtasiga chiqib borish uchun ko‘p emas, oz emas – uch kunlik vaqtlarini sarf etdilar. G‘or devorlari katta muz kristallari bilan qoplangan bo‘lgan, ko‘plab muzlagan ko‘llar uchraydi, havo harorati doimo ikki-besh daraja sovuqlikda turadi. Ular g‘or ichida ikki kilometr yurishgach, katta quduqqa duch kelganlar, ammo quduqqa tushishda asqotadigan asbob-uskunalar yetarli emasdi...
Kelgusi yili esa... yuqorida eslatib o‘tganimiz ko‘plab ko‘llar yuza muzlarining eruvchanligi sabab tadqiqot ishlarini davom ettirish imkoni bo‘lmaydi.
foto:uznews.uz
Bu orada qariyb o‘n yil o‘tib ketadi...
2011-yilning avgusti. Xo‘ja G‘urg‘ur otaning tik devori poyiga Rossiya-Italiya ekspeditsiyasi qo‘r tashlaydi. Mazkur ekspeditsiya 25 metrlik yangi quduqni «zabt» etadi. Quduq tubidan yonboshda yo‘lak bor edi, garchi uning davomi berk bo‘lib chiqqan esa-da, yo‘lak adog‘ida tepaga o‘rlab ketgan bo‘shliq topiladi. O‘n metrlik bo‘shliqning yuqorisida g‘aroyib ko‘rinishli kattagina tim, ya’ni galereyaga chiqib oladilar. Galereya tekshirib ko‘riladi va uning boshqa g‘orlar tizimiga ulanib ketgani ma’lum bo‘ladi – yer qa’ri bo‘ylab yanada yangi – bundan-da yirikroq galereyalar sari yo‘l ochilgan edi. Ammo yer osti zimistonini yoritgan tadqiqotchilar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan yangi-yangi g‘or shoxobchalarini o‘rganishga kirishmasdan izlariga qaytadilar, chunki ekspeditsiya muddati tugagandi.
Kelgusi 2012-yili Xo‘ja G‘urg‘ur otada so‘nggi yillarning eng keng miqyosli ekspeditsiyasi amalga oshiriladi: uning ishida dunyoning beshta mamlakati hamda Rossiyaning bir necha shahridan kelgan 29 kishi ishtirok etadi. Oldingilar yo‘lini davom ettirgan speleolog-g‘orshunoslar keyingi davr amaliyotida necha bor sinovdan o‘tgan tajribani qo‘llab, 240 metr chuqurlikda aniqlangan ko‘plab yonbosh yo‘lakchalardan biri – quduqli shoxobchani diqqat-e’tibor markaziga olganlar. Haqiqatan, bu usul ularga yer qa’riga yana 450 metr tushib borish imkonini beradi. Soha tilida meandr deb ataladigan egri-bugri ketgan g‘or yon-atrofini tekshirish paytida yana yangi o‘tish yo‘laklari paydo bo‘ladi. Vaziyat taqozo etgani uchun ana shu joyda tavakkalchi va jasur yigitlardan tanlab olinib shturm guruhi tashkil etiladi va buning natijasida 600 metrlik mo‘ljal egallanadi. Ammo, shturm guruhi ham navbatdagi quduq oldida to‘xtab qolishga mahkum edi: chunki har safar bo‘lganidek quduqqa kirish va u orqali yer qa’ri sayohatini yanada davom ettirishga fursat qolmagandi, arqonlar ham tugab bo‘lgandi.
Xullas, tadqiqotlar 2013-yilda davom etib, Rossiya (Ural) va Italiya speleologlari yana 850 metrgacha tushib borganlar. Ammo, qarangki, ularning o‘tish yo‘lini endigi safar sifon (yerosti yo‘lagida suv to‘la joy) to‘sdi va bu yerdan o‘tib bo‘lmadi. Lekin galdagi urinishning arzigulik natijasi bor edi – chunonchi, mazkur ekspeditsiya hisobotida «Dark Star» g‘or tizimi chuqurlik va uzunlik bo‘yicha O‘zbekistonda oldingi o‘rinlardan birini (Surxontovning Cho‘li Bair massivida joylashgan Boybuloq (1415 metr) va qo‘shni Festivalnaya-Ledopadnaya (850 metr) g‘orlaridan keyingi o‘rinni) egalladi va nazariy jihatdan olganda, chuqurlik bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatish uchun potensial imkoniyati yuzaga keldi. Ammo, buni bo‘lg‘usi ekspeditsiyalar ko‘rsatadi» deyiladi.
Yekaterinburg (ilgarigi Sverdlovsk) speleologiya klubi 2016 yilda Boysun tog‘lariga navbatdagi safar uyushtirdi. Ekspeditsiya tarkibida Rossiya, Ukraina va Italiya mutaxassislari, jami 26 kishi ishladi. Ular Xo‘ja G‘urg‘ur ota, Cho‘li Bair va Boybuloq tadqiqini davom ettirib, yonbosh ketgan g‘orlardan oltitasini to‘la o‘rganishdi, to‘rt kilometrdan oshadigan yo‘laklar ochishdi va hokazo...
Boybuloq haqida batafsil.
1985-yil edi. Xo‘ja G‘urg‘ur ota massivida ishlayotgan urallik g‘orshunoslar Surxontov tizmasini ham tekshirishga qaror qildilar. Bu yerdagi Qo‘rg‘oncha qishlog‘i aholisi ularga 1971-yilda bir kishi kirib ketgan va qaytib chiqmagan tog‘dagi bir g‘or haqida gapirib berishdi. Ichidan mo‘lgina suv chiqib turgani uchunmi g‘orni Boybuloq deb atashardi. Bu xabar speleologlarni qiziqtirdi va ular g‘orga kirib, ichidagi o‘ttiz metrlik quduq tubidan odam suyaklarini topishdi. Oradan ikki yil o‘tib, ya’ni 1987-yilda ushbu suyaklar chiqarib olindi va Dehibolo qishlog‘idagi xonadonga berildi.
Boybuloqning birinchi tadqiqotchisini Mustafoqul der edilar. U yer qa’ridan kelayotgan suvning chiqish joyini aniq bilish maqsadida bir necha bor g‘orga kirib chiqqan, ammo oxirgi marotabada uning kerosin lampasi nogahonda o‘chib qolgan edi. G‘or ichini yaxshi biladigan Mustafo chirog‘i o‘chganidan keyin tashqariga chiqyapman deb, hali o‘zi yurib ko‘rmagan quyi yo‘laklarga tushib qoladi. Zimiston uzra paypaslab siljir ekan, chuqurligi besh qavatli tomga to‘g‘ri keladigan quduq uni yutib yuboradi. Mustafoning eski kerosin lampasi hozir ham o‘sha topilgan joyida turadi. Yer osti g‘orlari xaritasida endilikda jasur tadqiqotchi Mustafo Zokirov nomi bilan ataladigan g‘or ham bor...
1986-yili ikkinchi ekspeditsiya tashkil etilib, ikkinchi quduq oxiriga qadar o‘rganib chiqildi. 1987-yilning oktyabrida, 1988-yilning avgustida ekspeditsiyalar davom ettirildi va 900 metrlik marraga chiqildi. 1989-yili esa tadqiqot ishlari italiyalik speleologlar bilan birgalikda davom ettirildi va 1158 metrlik quyi nuqta zabt etildi. Keyingi yili esa sayyoramizning turli nuqtalarida yer ostida ishlash bo‘yicha ulkan tajriba orttirgan Angliya mutaxassislari hamkorlikka keladilar va ular birgalikda 1991-yilda Boybuloqning jahonda chuqurlik bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egallashini ta’minlaydilar.
Keyingi izlanishlar natijasida Boybuloq Markaziy Osiyoning eng chuqur g‘ori deb tan olindi.
Abdulla Xolmirzayev,
Termiz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter