Fuqarolarga ijtimoiy yordamga ixtisoslashgan fondlar ochishga ruxsat berilishi mumkin
O‘zbekistonda mulkni boshqarishning innovatsion mexanizmi sifatida xalqaro amaliyotga asoslangan shaxsiy va xususiy fond elementlarini jamlovchi yaxlit qonun ishlab chiqilmoqda.
«Xususiy fondlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida professional boshqaruv hisobiga muassis yaratgan tadbirkorlik va xayriya tizimi barqaror rivojlanishiga va bardavomligiga sharoit yaxshilaniishi, shuningdek, fuqarolarning mulkni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish huquqining mustahkamlanishi, xayriya va boshqa yo‘nalishlarda mulkni boshqarishning innovatsion mexanizmlari joriy etilishi, xayriya faoliyatini fondlar orqali tashkil etishda muassislarning roli va ishtirokini yanada kengaytirish kutilmoqda.
Qonun loyihasi 8 ta bob va 49 ta moddadan iborat.
Loyiha bilan shaxsiy fondlar tushunchasi, benefitsiarlarning turlari, muassis va fond o‘rtasidagi munosabatlar, fondning huquq va majburiyatlari, fondning boshqaruviga oid qoidalar va fond hujjatlariga nisbatan talablar, fondni yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish masalalari qamrab olingan.
Jumladan, loyihaning 3-moddasiga ko‘ra jismoniy shaxs tomonidan yoki uning vafotidan keyin vasiyatnoma ijrochisi tomonidan muayyan muddatga yoki muddatsiz ta’sis etilgan, ushbu shaxs tomonidan o‘ziga topshirilgan yoki ushbu shaxsdan meros qilib olingan mol-mulkni, shuningdek boshqa mol-mulkni muassis (vasiyat qiluvchi) belgilagan shartlarda boshqarishni amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilot shaxsiy fond deb e’tirof etiladi. Shaxsiy fond, qoida tariqasida, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko‘zlaydi.
Fondning maqsad va vazifalari, mol-mulkini shakllantirish manbalari, fond mansabdor shaxslarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, fond qayta tashkil etish va tugatish bo‘yicha asosiy qoidalar fondning ustavi bilan belgilanadi.
Ustavdan tashqari muassis tomonidan fondning boshqaruv shartlari ham tuziladi. Unda fond mulkini tasarruf etish qoidalari, benefitsiarlarni aniqlash va ular bilan aloqalar, fond boshqaruv organlarini shakllantirish tartib-taomillari, organlarning o‘zaro munosabati, fond daromadini shakllantirish tartibi, nazorat mexanizmlari aks ettiriladi.
Ustav ta’sis hujjati sifatida adliya boshqarmalarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi, boshqaruv shartlari o‘zgartirish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga xabardor etish tartibida ma’lum qilinadi.
Shaxsiy fondning ustavi yoki boshqaruv shartlarida uning mablag‘lari aniq shaxslarga (asosiy benefitsiarlar) va (yoki) ma’lum shaxslar guruhlariga (oddiy benefitsiarlar) ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilishi (shu jumladan, shaxsiy fond mol-mulki to‘liq yoki uning bir qismi ushbu shaxslarga berilishi) belgilanishi mumkin. Shaxsiy fond ustaviga ko‘ra undan yordam olishi mumkinligi belgilangan shaxslar ushbu shaxsiy fondning benefitsiarlari sanaladi.
Fondlarni kundalik boshqarish muassis tanloviga ko‘ra yakka tartibdagi yoki kollegial boshqaruv organi tomonidan amalga oshiriladi. Undan tashqari fondda oliy kollegial organ, vasiylik kengashi yoki nazorat organi tuzilishi mumkin. Muassisda fond organlarining harakatlari bo‘yicha veto huquqi mavjud bo‘lib, mansabdor shaxslarning fond manfaatiga zid harakatlari to‘xtatiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter