FVV: O‘zbekistonda 2 million nafar fuqaro yong‘in xavfsizligi oyligida ishtirok etdi
15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha O‘zbekiston bo‘ylab yong‘in xavfsizligini oshirish va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan «Yong‘indan ogoh bo‘l!» umummilliy oyligi o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida FVV xodimlari ehtimoliy yong‘inlarning oldini olish va aholini xavfsiz harakatlanish qoidalariga o‘rgatish bo‘yicha profilaktik ishlar olib bordilar.
Profilaktik tekshiruvlar va uchrashuvlar deyarli 800 mingta xonadonda, 2 mingga yaqin talabalar yotoqxonalarida, 25 mingdan ortiq ijara uylarda, 3 mingta qurilish ob’yektlarida, shuningdek, taxminan 200 ta mehribonlik va saxovat uylarida o‘tkazildi.
Jami 2 milliondan ortiq fuqaro ishtirok etgan 527 mingta uchrashuvda yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalari tushuntirildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar–noyabr oylari davomida mamlakatda ro‘y bergan yong‘inlar soni 8 mingga yaqinni tashkil etgan. Hodisalar natijasida 91 kishi jabrlangan, 44 nafar fuqaro halok bo‘lgan. FVV mutaxassislari qurilish materiallarini tanlash yong‘in xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Noorganik materiallarning mustahkamligi, moslashuvchanligi yoki boshqa sifatlarini oshirish maqsadida ularning tarkibiga ko‘p hollarda ma’lum miqdorda organik komponentlar qo‘shiladi. Bunday qo‘shimchalar ayrim jihatlarni yaxshilashi mumkin, ammo materiallarni yonishga nisbatan sezuvchanroq qiladi. Bu holat ayniqsa turar-joy va tijoriy binolarni qurishda juda muhim ahamiyatga ega.
FVV quyidagilarni qat’iy tavsiya etadi:
- Belgilangan yong‘in xavfsizligi standartlariga mos keladigan materiallardan foydalanish.
- Materiallarning texnik hujjatlari va sertifikatlariga alohida e’tibor qaratish.
- Yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish.
Olib borilgan kampaniya natijalari aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalari to‘g‘risidagi xabardorlikni oshirish va favqulodda vaziyatlar yuz berishi xavfini kamaytirishga xizmat qildi.
FVV oylikda faol ishtirok etgan fuqarolar hamda tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan tashkilotlarga minnatdorlik izhor etadi.
Yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qiling — o‘zingizni, yaqinlaringizni va mulkingizni ehtimoliy tahdidlardan himoya qiling. Savollar yoki maslahat zarur bo‘lgan hollarda FVVning eng yaqin bo‘limlariga murojaat eting yoki tezkor raqamlarga qo‘ng‘iroq qiling.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter