Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mitti hikoyalar:Niyat, orzu va armon

Mitti hikoyalar:Niyat, orzu va armon

foto: chatgpt

Urf-odat

To‘y dabdabali o‘tdi. Kelinchak bunday baxtni xayoliga ham keltirmagandi. Hayhotdek hovli joy, ko‘p qavatli dang‘illama uy, qo‘sha-qo‘sha mashinalar...

Endi to‘ydan keyin oxirgi urf-odatlarni o‘tkazishayotgandi. Qimmatbaho zeb-ziynatlarga burkangan baxtiyor kelinchak kelin salomni tugatdi. Uy xizmatchisining esa javobini berib yuborishdi...

Orzu va armon

Bolakay qimmatbaho mashina oynasidan tengdoshiga pul uzatdi.

“Boy ekan. Mashinasida har kuni sayr qilsa kerak!” –  havas bilan tikildi unga tilanchi bolakay.

“Har kuni ko‘chalarda yugursa kerak!” – deya armon bilan tengdoshining oyoqlariga qaradi mashinadagi bolakay.

Niyat

–  Yeringning ikki metri meniki! – dedi qo‘shnim chegaralarimiz orasini chamalar ekan, – devor urmay tur!

Qo‘lidagi ketmonini yerga sanchdi, –  O‘zim hali belgilab beraman!

–  Xo‘p, aka! – dedim ko‘zlaridagi hissizlikka hayrat bilan qarab.

Uning ko‘zlarini shu zahoti zafar uchqunlari egalladi.

 – Shundoq bo‘lsin! Bir haftalarda qaytaman!

Bir haftadan keyin o‘zi istagandek ikki quloch yerga ega bo‘ldi. Faqat, mening hovlimdan emas.   

Mastura Abduraimova         

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring