O‘zbekiston 2026 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini davom ettiradi
17-noyabr, seshanba kuni Toshkent shahrida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Afg‘onistonning «DABS» kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda shuningdek, O‘zbekiston energetika kompaniyalari rahbariyati va mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda joriy yilning sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi hamda kuni kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqlarida qo‘shni Afg‘oniston xalqi farovonligi va iqtisodiyotining rivoji haqidagi tashabbuslari ikki davlat hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Bu borada O‘zbekiston-Afg‘oniston o‘rtasida energetika sohasida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Afg‘oniston hududida qurilayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarining joriy holati hamda ushbu ishlarni yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv so‘nggida 2026-yil uchun elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter