O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Balikesir jurnalistlar jamiyati bilan hamkorlik qiladi
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi vakillari Turkiyaning Balikesir shahrida Balikesir jurnalistlar jamiyati tashkil etilganining 10 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov mamlakatlarimiz o‘rtasida media sohasidagi hamkorlik rivojlanayotganini ta’kidlab, Jamiyat rahbariyati va uning a’zolarini sana bilan tabrikladi.
Marosim doirasida Balikesir jurnalistlar jamiyati raisi Semra Aman Akyurak bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, Jamiyat va O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi o‘rtasida hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha kelishildi.
Muloqotda o‘zaro hamkorlik turli yo‘nalishlarni qamrab olishi mumkinligi qayd qilindi. Xususan, jurnalistlar malakasini oshirish, raqamli media, sun’iy intellekt va yangi texnologiyalar bo‘yicha o‘quvlarni birgalikda tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Hamkorlik doirasida Buxoro va Balikesir shaharlarida mediaforumlar o‘tkazish, jurnalistlar va media xodimlari uchun seminar-treninglar, master-klasslar va onlayn ta’lim dasturlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlari, tarix, madaniyat, adabiyot, turizm, iqtisodiyot va gumanitar aloqalarni ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritishga qaratilgan qo‘shma media loyihalar muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, kelgusida jurnalistika etikasi, ishonchli va xolis axborot tarqatish, faktlarni tekshirish, media savodxonlik va dezinformatsiyaga qarshi kurash sohalarida hamkorlik qilinishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter