Qarshida katta miqdordagi kredit firibgarligi fosh etildi
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari davomida qalbaki hujjatlar orqali bank kreditlarini rasmiylashtirib kelgan firibgarlik guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Qarshi shahrida yashovchi Ruslan Umidov Qo‘riqlash xizmati xodimining soxta xizmat guvohnomasi hamda Milliy gvardiya harbiy qismi nomidan ish haqi to‘g‘risidagi qalbaki ma’lumotnomalarni tayyorlab, ulardan bank kreditlarini olishda foydalangan.
U dastlab O‘zmilliybankning G‘uzor tumani bank xizmatlari ofisi orqali bir fuqaro nomiga 60 million so‘m kredit rasmiylashtirishga erishgan. Keyin esa yana 11 nafar fuqaro nomiga ham soxta hujjatlar tayyorlab, jami 783 million so‘mlik kredit rasmiylashtirgani aniqlangan.
Navbatdagi holatda Namangan viloyatilik fuqaro nomiga ham kredit rasmiylashtirishga uringan vaqtda gumonlanuvchi Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirishga oid moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Ichki ishlar organlari ushbu shaxslar harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolarni yaqindagi ichki ishlar bo‘limlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter