Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sovuqda qolgan yovvoyi hayvonlarga ozuqa yetkazib berilmoqda

Sovuqda qolgan yovvoyi hayvonlarga ozuqa yetkazib berilmoqda

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda muntazam ravishda biotexnik tadbirlar o‘tkaziladi. Ularning asosiy maqsadi biologik xilma-xillikni saqlash, qish mavsumida yovvoyi hayvonlarning barqaror populyasiyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda og‘ir ob-havo sharoitlarining tabiiy ekotizimlarga ta’sirini kamaytirishdan iborat.

Bu kabi ishlar "Yuqori To‘palang" milliy tabiat bog‘i, Zarafshon milliy tabiat bog‘i, Zomin davlat qo‘riqxonasi, Zomin milliy tabiat bog‘i, Xorazm milliy tabiat bog‘i hamda mamlakatimizdagi boshqa qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda olib borilmoqda.

Biotexnik tadbirlar doirasida xodimlar ozuqa maydonchalarini tashkil etadi va ularga xizmat ko‘rsatadi, qish mavsumida yovvoyi hayvonlarni qo‘shimcha oziqlantiradi, shuningdek ularning tabiiy ozuqa bazasini saqlab qolish choralarini ko‘radi. Shu bilan birga doimiy ekologik monitoring olib boriladi: hayvonlarning faolligi kuzatiladi, ozuqa maydonchalaridan foydalanish darajasi va tabiiy muhitning umumiy holati baholanadi.

Kuzatuvlar yakuniga ko‘ra ob-havo sharoitlari va boshqa omillarning ekotizimlarga ta’siri tahlil qilinadi. Zarurat tug‘ilganda tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida ish jarayoniga o‘zgartirishlar kiritiladi. Olingan ma’lumotlar kelgusidagi biotexnik tadbirlarni rejalashtirishda ham foydalaniladi. Ushbu faoliyat yovvoyi tabiatni asrash, ekologik muvozanatni saqlash va qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarning holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring