Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

So‘x anklavining ayrim hududlarida kurort zona va ko‘ngilochar maskanlar quriladi

So‘x anklavining ayrim hududlarida kurort zona va ko‘ngilochar maskanlar quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash yo‘nalishida kelgusi yil uchun yana bir vazifani – servis loyihalarini ko‘paytirib, aholi bandligini ta’minlash lozimligini ta’kidladi.

Mamlakatda eng yuqori o‘sish sur’atini ta’minlayotgan soha xizmatlar sohasi ekani ta’kidlandi.

Lekin viloyat, tuman hokimlari xizmatlar sohasiga katta sur’at berayotgan turizmni rivojlantirish orqali ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadini ko‘paytirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Turizm salohiyati yuqori 150 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilansa, xizmatlar hajmini 10 trillion so‘mga yetkazish, 45 ming nafar odamni savdo va servisda band qilish mumkin.

Shu bois, kelasi yilda 150 ta mahallaning har biriga infratuzilma uchun 3-5 milliard so‘mdan beriladi.

Viloyat, tuman hokimlari, Turizm qo‘mitasiga yil yakunigacha barcha mahallalar uchun master reja qilish, yer auksionlari va loyihalarni tadbirkorlarga e’lon qilib, qurilish ishlarini boshlash topshirildi.

 Tuman banklari bu joylarda mehmon uylari barpo etish uchun 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratishni yo‘lga qo‘yadi.

Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga tuman hokimlari yetarli e’tibor qaratmayotgani qayd etildi.

U yerlarga olib boruvchi yo‘llar ta’mirlanib, mehmon uylari, dam olish maskani, savdo-servis obektlari tashkil qilinsa, 50 ming xonadonning daromadi ko‘payadi.

Masalan, So‘x daryosining Sarikanda, Rovon, Istiqlol mahallalari hududidan o‘tgan 5 kilometr qismida kurort zona va ko‘ngilochar maskan tashkil qilinsa, yiliga 30 ming sayyoh keladi. Buning hisobiga 200 ta oilaning daromadi oshadi.

Agar har bir hokim 563 ta mahallada ishni shu tartibda yo‘lga qo‘yib, kamida 100 ming odamni band qilsa, 25 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkinligi qayd etildi.

Umuman, kelgusi yilda bu mahallalardagi aholi turmushida vaziyat keskin o‘zgarishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu mahallalarda dam olish va servis ob’yektlarini qurish loyihalari uchun 1 trillion so‘m resurs ajratish topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring