«Subsidiya olib beraman. Boyib ketasan... »
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida 90 million so‘mlik kredit o‘zlashtirgan fuqaro sudlandi. U yaqin qarindoshlari hamda mahalla fuqarolarini «Subsidiya olib beraman, boyib ketasan. Ishlaring yurishib, yirik tadbirkor bo‘lasan”, deb aldab kelgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi tomonidan chiqarilgan hukm mahalla tizimidagi har bir faol, xususan, davlat subsidiyalari bilan bog‘liq shaxslarni ehtiyotkorlikka chorlaydi.
Ta’kidlanishicha, sud oldida ikki farzandning onasi, oliy ma’lumotli, bir paytlar mahalliy mahalla faollari bilan hamkorlikda ishlagan D.H. javobgarlikka tortilgan. U o‘z faoliyati davomida oddiy tadbirkorlik emas, balki, ishonchni qurol qilib, «firibgarlik sxemasi»ni yo‘lga qo‘yib kelgan. D.H. o‘zining bu «sxemasi»ni, avvalo, yaqin qarindoshlarining ishonchiga kirishdan boshlagan. U, dastlab, yaqin qarindoshlariga «Axmed Asad magamed» va «Anbaroy tomorqa xizmat» nomli xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar orqali aholiga mikrokreditlar olib berish, davlat subsidiyalari bilan yordam berishni va’da qilgan. Bu orqali D,H. mahallada ishonch qozongan, hatto, hokim yordamchilari va mas’ul xodimlar ham uni tashabbuskor sifatida tanishgan. Biroq, D.H. bu ishonchni keyinchalik shaxsiy manfaat uchun qurolga aylantira boshlagan. Sud hujjatlariga ko‘ra, u bir nechta fuqarolar nomidan elektron imzo olib, ularning nomidan kredit rasmiylashtirgan va mablag‘larni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
U qaynakasi A.R. ning hujjatlaridan foydalanib, uning nomidan 31 million 800 ming so‘m kredit rasmiylashtirgan. Uni ham qarzdorga aylantirgan. Ushbu mablag‘ni to‘liq o‘ziga olib, oilaviy ehtiyojlarga sarflagan. Biroq, qaynakasi bu haqda hech narsa bilmagan. Natijada A.R. bank qarzdorlari ro‘yxatida paydo bo‘lgan. Hatto, uning nomidan davlat subsidiyasi bo‘yicha to‘lovlar ham o‘tgan bo‘lgan.
D.H. o‘z xatti-harakatlarini hech ikkilanishlarsiz davom ettirib, endi mahalladagi faol fuqarolarni ham «ish bilan ta’minlash» yo‘liga o‘tgan. Fuqaro Sh.S. nomidan 28 million so‘mlik kredit o‘zlashtirib, “tikuv mashinkalari sotib olgan: «ish ochamiz» deb va’da qilgan. Lekin, Sh.S.ga hech qanday mashinka yetkazib berilmagan. D.H. o‘z turmush o‘rtog‘i T.H. nomidan 33 million so‘mlik kreditni «mototransport sotib olamiz» deb olgan va mablag‘larni o‘zlashtirgan. Sud hisob-kitobiga ko‘ra, umumiy zarar 90 million so‘mdan ortiq bo‘lgan.
Sud jarayonida D.H. aybini qisman tan olgan, u bu pullarni o‘z vaqtida qoplash niyati bo‘lganini, oilaviy qiyinchiliklar sabab shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganini aytgan. Ammo, jabrlanuvchilar unga ishonmagan.
Guvohlar, mahalla mas’ullari va hokim yordamchilari uning barcha hujjatlarni elektron imzo orqali mustaqil rasmiylashtirganini, kredit o‘zlashtirishlari borasida hech kimga xabar bermaganini tasdiqlagan.
Sud ish jarayonida ayblanuvchi o‘z manfaati yo‘lida qarindoshlik, ishonch va davlat yordami tizimidan foydalangani oshkor bo‘lgan.
Qorako‘l tuman sudi hukmiga ko‘ra, aybdorga nisbatan uzil-kesil 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter