Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi qurilmoqda: qanday ishlar amalga oshirildi?

Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi qurilmoqda: qanday ishlar amalga oshirildi?

Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini tezkor, xavfsiz va barqaror tashkil etish maqsadida Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagi qurilmoqda.

Loyihaning birinchi bosqichi Shahrisabz–Mirobod–Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik yo‘l qismini qamrab olgan. Bu yerda qurilish-ta’mirlash ishlari 24 iyul kuni boshlangan.

Ayni paytda yo‘l asosini BRT talablariga moslashtirish, grunt va namlik bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Yo‘lning faqat ustki qatlami emas, balki asosi ham to‘liq qayta tayyorlanmoqda. Jamoat transporti yo‘lagida katta sig‘imli va og‘ir avtobuslar muntazam harakatlanishi inobatga olinib, yo‘lning mustahkamligi va uzoq muddat xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda yo‘l qismi 2 metrdan ortiq chuqurlikda qazilib, mavjud asos qayta shakllantirilmoqda. Bu orqali yo‘l ostida namlik to‘planishining, grunt siljishi va cho‘kishining oldini olish, shuningdek, og‘ir avtobuslarning doimiy qatnoviga bardosh beradigan mustahkam asos yaratish ko‘zda tutilgan.

Qurilish jarayonida yo‘l konstruksiyasi qatlamlari orasiga geotekstil materiali ham yoyilmoqda. U grunt, qum-shag‘al va boshqa qatlamlarni bir-biridan ajratish, suvning o‘tishini ta’minlash hamda mayda grunt zarrachalarining yo‘l asosiga aralashib ketishini cheklashga xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, nam grunt mavjud sharoitda yo‘l konstruksiyasining barqarorligini oshirishga yordam beradi.

6 ta avtobus bekati tashkil etiladi

Loyiha doirasida 1,2 kilometrlik uchastkada BRT tizimiga mos 6 ta avtobus bekati tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘lak boshqa transport vositalari harakatlanadigan qismdan bordyurlar orqali jismonan ajratiladi. Bu avtobuslarning umumiy transport oqimiga qo‘shilib ketmasdan harakatlanishi, boshqa transport vositalarining esa BRT yo‘lagiga kirishining oldini olishga xizmat qiladi.

Yo‘lakni qurishda Toshkentda foydalanilayotgan avtobuslarning texnik ko‘rsatkichlari, ularning og‘irligi, kunlik qatnovlar soni va yo‘lga tushadigan doimiy yuklama hisobga olinmoqda.

Qurilish-ta’mirlash ishlarini 2026 yil 31 avgustga qadar to‘liq yakunlab, mazkur yo‘l qismini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Shahrisabz ko‘chasidagi 1,2 kilometrlik ushbu uchastka BRT loyihasining birinchi bosqichi hisoblanadi. Keyingi bosqichlarda BRT yo‘lagini Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab davom ettirish rejalashtirilgan.

Loyihaning asosiy maqsadi — jamoat transporti uchun alohida va barqaror harakat yo‘lagini yaratish hamda avtobuslar qatnovining uzluksizligini ta’minlash.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring