Toshkentda yirik narkolaboratoriya fosh etildi
Toshkent shahrining Sergeli tumanida yirik narkolaboratoriya fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida noqonuniy faoliyatga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, Toshkent viloyati Chinoz tumanida yashovchi, 2003-yilda tug‘ilgan shaxs ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonni ijaraga olib, u yerda narkolaboratoriya tashkil etgan. Ushbu manzil maxsus kuzatuvdan so‘ng fosh qilingan.
Tezkor tadbir davomida xonadondan umumiy qiymati 4,5 mlrd so‘mga teng 3,5 kg «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kg kukun ko‘rinishidagi prekursorlar, shuningdek, tayyorlash va qadoqlash uchun mo‘ljallangan anjomlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga ko‘ra, gumondorlar dastlab Telegram orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda «kladmen» sifatida ish boshlagan. Ular kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik esa jinoiy guruh rahbarlarining ishonchiga kirib, bevosita taqiqlangan moddalarni tayyorlash jarayoniga jalb etilgan.
Shuningdek, narkolaboratoriyada kimyogar sifatida faoliyat yuritgan yana bir Chinozlik fuqaro ham ushlangani ma’lum qilindi.
Mazkur holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumondorlarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter