Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zarafshon daryosida Tojikiston tomoni bilan hamkorlikda ikkita GES quriladi

Zarafshon daryosida Tojikiston tomoni bilan hamkorlikda ikkita GES quriladi

O‘zbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlari quriladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida» sarlavhali maqolasida gap boradi.

Davlat rahbari mazkur GESlar haqida to‘xtalib, ayni paytda bu boradagi hamkorlik ishlari oldinga siljiyotganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, O‘zbekiston, Tojikis­ton va Qozog‘iston o‘rtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish bo‘yicha kelishuvlarga ham erishilgan. 

«Ilgari keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelgan suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha hamkorlikning yorqin dalilidir», – deb yozadi davlat rahbari.

Bundan tashqari, Toshkent va Bishkek o‘rtasida Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv «oqilona murosaga misol bo‘la olishi» ta’kidlanadi.

Maqolada, shuningdek, Turkmaniston bilan ham hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurs­laridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishilgani, bu suv resurslarini birgalikda boshqarishni yaxshilaydi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytirishi aytiladi.

«Bularning barchasi ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda», – deb yozadi Prezident.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring