Kachkar tog‘lari xalqaro turizm markaziga aylanmoqda (foto)
Kachkar tog‘lari Shimoliy Qora dengiz mintaqasida, Rize va Artvin viloyatlari hududida joylashgan bo‘lib, mamlakatning diqqatga sazovor turizm maskanlaridan biridir. So‘nggi yillarda bu hudud nufuzli xalqaro tadbirlar orqali jahon miqyosida tobora keng tanilmoqda. Xususan, o‘tgan yili bu yerda “Kaçkar by UTMB” tog‘ ultramarafoni muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Uning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 17–18-aprel kunlari Rize shahrida Xalqaro Kachkar turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda Turkiya turizmni tanitish va rivojlantirish agentligi (TGA) ko‘magida tashkil etilayotgan mazkur yarmarkasi Kachkar tog‘lari va Qora dengiz mintaqasining betakror tabiiy go‘zalligi hamda boy madaniy merosini jahonga tanitishni maqsad qilgan. Tadbir doirasida yangi turizm yo‘nalishlari va zamonaviy tendensiyalar muhokama qilinadigan panellar, konferensiyalar hamda seminarlar o‘tkazilib, ishtirokchilar uchun samarali hamkorlik imkoniyatlari yaratiladi.
Yarmarka Rize shahridagi Choy bozori hududida tashkil etiladi va unda 1000 dan ortiq soha vakillari hamda 3000 dan ziyod tashrif buyuruvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Qora dengiz mo‘’jizalar diyori: tabiat, madaniyat va tarix uyg‘unligi
Kachkar tog‘lari to‘rt faslga xos betakror imkoniyatlari bilan sarguzasht ixlosmandlari uchun haqiqiy jannatdir. Bu hudud musaffo tabiati, boy tarixi va rang-barang gastronomik an’analari bilan ajralib turadi.
Kachkarlar Turkiyaning eng sof va deyarli qo‘l tegmagan tabiiy hududlaridan biri sanaladi. Bu yerda 50 dan ortiq ko‘llar, maftunkor vodiylar, yam-yashil o‘rmonlar hamda turli ekotizimlar uyg‘unligida shakllangan jo‘shqin daryolar mavjud.
Kachkar tog‘ining balandligi 3 937 metr bo‘lib, trekking, alpinizm hamda tabiatni chuqur kashf etishni sevuvchilar uchun nihoyatda jozibador maskandir. Tashrif buyuruvchilar tabiat bag‘rida sayr qilishlari, burilishlarga boy vodiylarda velosiped haydashlari, noyob yovvoyi hayvonlarni kuzatishlari hamda hayratlanarli manzaralarni suratga olishlari mumkin.
Kachkarlar barqaror turizm imkoniyatlari, ekologik toza maskanlari, o‘ziga xos mahalliy hayot tarzi hamda tarixiy obidalari bilan ham ajralib turadi. Yaylov aholisi o‘zining qadimiy tili, boy merosi va an’anaviy hunarmandchiligi orqali hudud ruhini namoyon etadi. Horon raqsi, festivallar va choy yig‘im-terimi bayramlari esa bu maskanning quvonchga boy an’analarini his etish imkonini beradi.
Hududning o‘ziga xos va boy oshxona merosi ushbu tajribalarni yanada boyitadi. Organik asal, shifobaxsh tog‘ o‘tlari, dunyoga mashhur choyi hamda yangi dengiz mahsulotlari bilan tanilgan bu maskan Kachkarlardagi har bir sarguzashtni chinakam unutilmas lahzaga aylantiradi.
Aprel oyida bo‘lib o‘tadigan yarmarkadan so‘ng, 2026-yilgi “Kaçkar by UTMB” musobaqasi 11–13-sentyabr kunlari Rize shahrida o‘tkaziladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter