Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Huquq va sun’iy intellekt: O‘zbek yosh tadqiqotchi Garvardda nimani o‘rganmoqda?

Huquq va sun’iy intellekt: O‘zbek yosh tadqiqotchi Garvardda nimani o‘rganmoqda?

foto: Xabar.uz

Ba’zi yoshlarning dunyoqarashini ko‘rib, «aql yoshda emas  – boshda» degan gapning naqadar to‘g‘riligini yana bir bor his qilaman. Faoliyatim davomida olimlar, ziyolilar, amaldorlar va eng oddiy insonlar bilan suhbatlashdim. Ba’zida ziyolilar bilan suhbatdan ko‘nglim yorishgan, ba’zi olimman degan odamdan kutgan javobimni ololmagan paytlarim ham bo‘lgan... 

Andijonlik 26 yoshli Sherzodbek Omonov 2022-yil Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qib yurgan paytida Global UGRAD dasturi grantini qo‘lga kiritgan. Suhbatdoshim savollarga javob berish asnosida yana bir haqiqatni esga soldi: inson o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, nafaqat ilmiy salohiyati oshadi, balki ichki dunyosi ham rivojlanadi. Ochig‘ini aytsam, yo‘llagan javoblarida birorta imlo xatosi yo‘q bo‘lgan ilk suhbatdoshga duch kelib turibman. Ana shunday serqirra, tartibli va maqsadli yoshlar borligi esa odamni xursand qiladi.            

G‘arbiy Virjiniya universitetida o‘qish hayotingizni qanday o‘zgartirdi?  

–  Global UGRAD dasturi menga mutlaqo yangi, moslashuvchan va shaxsiy qiziqishlarga asoslangan yondashuvni taklif etdi. Ilk bora o‘z o‘quv dasturimni mustaqil ravishda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lgandim – qiziqqan yo‘nalishim asosida fanlarni o‘rganish, o‘qituvchilarni belgilash, dars jadvalini o‘zimga qulay tarzda tuzish tanlovi meni juda hayratda qoldirgandi.

Bundan tashqari, butunlay yangi madaniy muhit, o‘zga qadriyatlar va mutlaqo notanish ijtimoiy me’yorlar orasida yashash, insonni o‘zini qayta kashf etishga undarkan. Va albatta til borasida ham ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Ingliz tilidagi muloqot ko‘nikmalarim sezilarli darajada yaxshilandi va aynan shu davrda men Garvard Huquq maktabiga hujjat topshirish qaroriga kelgandim.

O‘qishni tugatgach, bu tajribani uch yillik yuridik loyihalar menejeri sifatidagi amaliy faoliyatim orqali mustahkamlashni boshladim. Murakkab loyihalarni boshqarish va turli jamoalar – mahalliy, xalqaro ekspertlar bilan ishlash menga muammolarni ijodiy hal etish, muloqot va hamkorlikning ahamiyatini chuqur tushunishga yordam berdi.

Talabalik yillarimda huquq va texnologiya o‘rtasidagi bog‘liqlikka qiziqishim kuchli bo‘lgan. Shu sababli bakalavr bitiruv ishimni ham aynan shu yo‘nalishda yozgan edim. Amaliy faoliyatim davomida esa turli hil sun’iy intellekt vositalarini sinab ko‘rdim va bu texnologiyalar yuridik jarayonlarga – hujjatlarni avtomatlashtirishdan tortib tahlilga asoslangan qarorlarni qabul qilishgacha, qanchalik faol kirib kelayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

Garvard huquq maktabi ta’limi faqat nazariya emas, balki fikrlash madaniyatini ham o‘rgatadi, deyishadi, shu fikrga qo‘shilasizmi?

– Garvard huquq maktabining o‘qitish uslubi ko‘proq tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv va masalaning tub sabablarini tahlil qilishga qaratilgan. Darslar ko‘pincha Suqrot usulida olib boriladi – professorlar talabalarni kutilmaganda savollar bilan muloqotga chorlaydi. Bu usul yoshlarni tezroq fikrlashga, pozitsiyasini asoslab berishga va tahliliy mulohaza yuritishga undaydi. Masalan, hozirda o‘qiyotgan Konstitutsiyaviy huquq fanida professor nafaqat sud qarorini tushuntirib berishni, balki «Nega aynan shunday qaror chiqarilgan?» yoki «Qanday alternativ qaror bo‘lishi mumkin edi?» kabi savollar orqali chuqurroq fikrlashga undaydi.

Garvardda yana bir muhim jarayon – bu moslashuvchanlik. Professorlar dars o‘tish va baholash shaklini o‘zlari belgilaydilar, ya’ni kimdir yakuniy imtihon o‘tkazsa, boshqasi ilmiy maqola, sinfdagi ishtirok yoki amaliy mashg‘ulotlarga urg‘u beradi. Yana bu yerda darsdan tashqari ko‘shimcha mashg‘ulotlar va amaliy imkoniyatlar soni nihoyatda ko‘p, ilmiy tadqiqotga bo‘lgan e’tibor ham juda sinchkovlik bilan yo‘lga qo‘yilgan. Buni «subciting», ya’ni maqolalarda keltirilgan manbalarni tekshirish, havolalar to‘g‘riligini aniqlash va ularning Bluebook qoidalariga muvofiq rasmiylashtirilganini tasdiqlash jarayoni orqali ko‘rish mumkin. Men hozirda Harvard Journal of Law and Technology (JOLT) jurnalida tahrirchi sifatida volontyorlik qilmoqdaman. Har semestr boshida barcha ilmiy jurnallar talabalarni ushbu jarayonda ishtirok etishga taklif qiladi. Bu tajriba ilmiy tadqiqot sifatiga qay darajada e’tibor berilishini ko‘rsatuvchi yaqqol misoldir.

Garvardda yirik xalqaro yuridik firmalar vakillari, sudyalar, siyosatchilar va soha yetakchilari bilan bevosita uchrashish imkoniyati deyarli har kuni mavjud. Hafta davomida 7–10 tagacha tushlik paytiga belgilangan uchrashuv yoki ma’ruzalarda AQSh Oliy sudi sudyalari hamda yetakchi yuristlar talabalar bilan tushlik yoki kofe ustida suhbatlashadilar.

–  Yurtimizda «katta dunyoga chiqish» orzusida bo‘lgan yoshlar juda ko‘p, ammo bu yo‘lda qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy...

 – Men uchun bu jarayonda eng katta haqiqat – faqat ishtiyoqning o‘zi yetarli emasligini anglash bo‘lgan. Uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun tizim, qat’iyat va doimiylik yanada muhimroq ekanini tushundim. Katta orzular va maqsadlar qo‘yish, albatta, kerak, lekin katta natijalarga ko‘pincha har kuni bajariladigan mayda, hatto ba’zan zerikarli ishlar orqali erishiladi.

Masalan, yaxshi kitob o‘qish, har kuni o‘nta yangi so‘z yodlash, yozish mahoratini har kuni ozgina yaxshilab borish yoki kichik loyihalarni yakunlash kabi oddiy qadamlar vaqt o‘tishi bilan mustahkam poydevor yaratadi. Ayniqsa, nufuzli universitetlarga ariza topshirish jarayonida bu yaqqol namoyon bo‘ladi – bu katta harakatning emas, balki kundalik, doimiy va odatda zerikarli mehnatning natijasidir.

Sun’iy intellekt yuridik jarayonlarda, xususan shartnoma huquqida insonning rolini qisqartirishi mumkinmi? Ya’ni AI vositalari shartnomalarni tahlil qilish va tuzishda faol qo‘llanilyaptimi? Agar shunday bo‘lsa, bu huquqshunoslar mas’uliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

– Sun’iy intellekt (AI) huquqshunoslarning shartnomalar bilan ishlash uslubini sezilarli darajada o‘zgartirmoqda, biroq hozircha ushbu sohada insonning o‘rnini to‘liq bosa oladigan darajaga yetgani yo‘q. AQShdagi yirik yuridik firmalari Harvey AI, Spellbook va Kira kabi vositalardan foydalanib, shartnomalarni tuzish, tahlil qilish va ko‘rib chiqish jarayonini ancha tez va qulay amalga oshirmoqda. Shunga qaramay, yuristlar AI tomonidan yaratilgan natijalarni sinchkovlik bilan tekshirib chiqishlari zarur, chunki oxir-oqibat hujjatning to‘g‘riligi va qonuniy jihatdan to‘g‘ri tuzilishiga ular javobgar, dastur emas. Dastur esa faqat yordamchi vosita sifatida xizmat qiladi.

Izlanish jarayonida sun’iy intellekt va huquq masalasini o‘rganayotgan boshqa tadqiqotchilar bilan ham muloqot qilasizmi?

– Bitiruv ishim sun’iy intellekt tomonidan muzokaralar orqali tuzilgan shartnomalarning boshqa yurisditskiyalarda ijro etilishi masalasiga qaratilgan. Ayniqsa xalqaro yurisdiksiya kontekstida – bunday shartnomalar qanday huquqiy muammolarni keltirib chiqaradi va ularning ijrosi qaysi qonunchilikka asosan amalga oshirilishi kerakligi masalasini ko‘rib chiqyapman. Ushbu izlanishni men huquq va texnologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislardan biri – Kristofer Bavits rahbarligida olib boryapman. Garvarddagi professorlar juda foydali yo‘l-yo‘riq beradi, biroq oxir-oqibat asosiy fikrni ishlab chiqish va uni ilmiy asoslash talabaning zimmasida bo‘ladi. Professorlar odatda mustaqil fikrlash va ijodiy yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydilar, bu esa izlanuvchilarga katta erkinlik beradi.

Shuningdek, hozirda Sun’iy intellekt siyosati bo‘yicha men yakunlayotgan dastur (AI policy fellowship) Garvardning turli maktablaridan ishtirokchilarni birlashtiradi, ya’ni sun’iy intellekt bilan bog‘liq masalalarga turli burchaklardan yondashish imkonini beradi. Guruhimizda texnik, siyosiy va biznes sohasida tajribaga ega insonlar bor.

Yana bu yerda Jonatan L. Zitrain kabi yetakchi AI bo‘yicha olimlar va keng ilmiy resurslardan foydalanish imkoniyatining mavjud.

–  Ilmiy ishingizda qaysi manbalarga asoslanyapsiz? Qonunchilik, sud tajribalari yoki AI algoritmlarini tahlil qilish...

– Olib borayotgan izlanishimda asosan yuridik tahlilga tayanmoqdaman, ya’ni mavjud sud amaliyoti, xalqaro konvensiyalar hamda ilmiy izohlarni o‘rganish orqali an’anaviy shartnoma huquqi tamoyillarining sun’iy intellekt tomonidan kelishilgan shartnomalarga qanday tatbiq etilishi mumkinligini tahlil qilmoqdaman. Mazkur yo‘nalish hali rivojlanish bosqichida bo‘lgani sababli, sun’iy intellekt orqali muzokara qilingan shartnomalarga oid bevosita sud amaliyoti misollari juda kam. Shu bois, tadqiqotimning muhim qismi avtomatlashtirilgan savdo tizimlari, smart-shartnomalar va vakillik instituti kabi yaqin sohalardan o‘xshashliklar keltirishga qaratilgan.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, OECD va UNCITRAL kabi xalqaro tashkilotlarning siyosiy hujjatlari va me’yoriy takliflarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqdaman, chunki ushbu tashkilotlar sun’iy intellektning javobgarligi hamda shartnomalarning haqiqiyligini tartibga solish bo‘yicha dastlabki huquqiy asoslarni ishlab chiqishni boshlagan.

Texnik jihatdan algoritmik sinovlarni o‘tkazmayman, biroq Pactum AI kabi sun’iy intellekt asosida muzokara olib boruvchi vositalar va shartnoma avtomatlashtirish platformalari amalda qanday ishlashini tahlil qilishga harakat qilayapman – xususan, ular ma’lumotlarni qanday qayta ishlaydi, shartlarni qanday aniqlaydi va kelishuvga qanday erishadi. Ba’zan yuridik texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar tajribasidan foydalanib, ushbu tizimlarning ishlash tamoyillarini hamda ularni qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan huquqiy muammolarni aniqlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.

–  Ilmiy ishingiz natijalarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari haqida nima deya olasiz?

– Kelgusida tadqiqot natijalari bugungi global savdoni shakllantirayotgan texnologik o‘zgarishlarga javoban tegishli qonunlarga o‘zgartirish kiritishda amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilishi mumkin. Ayni paytda aksariyat mamlakatlarda sun’iy intellekt tizimlarining shartnoma tuzish yoki tomon nomidan huquqiy harakatlar amalga oshirish vakolatiga egami yoki yo‘qligi masalasida aniq huquqiy me’yor yo‘q. Ushbu tadqiqot esa mavjud shartnoma huquqlari aynan qaysi jihatlarda, xususan, rozilik, vakillik va javobgarlik tamoyillari qaysi nuqtalarda sun’iy intellektga nisbatan yetarli emasligini aniqlash hamda ushbu an’anaviy talablar qanday rivojlanishi moslashish mumkinligini taklif qilishni o‘z ichiga oladi.

Qonun ishlab chiquvchilar ushbu tadqiqot natijalariga murojaat qilib, sun’iy intellektning rolini tan oladigan, biroq inson mas’uliyatini zaiflashtirmaydigan yangi huquqiy tizimlarni ishlab chiqish jarayonida undan taklif sifatida foydalanishlari mumkin. Amaliy jihatdan esa AI tizimlaridan har bir qaror qanday qabul qilinganini aniq qayd etib borishni talab qilish orqali shaffoflikni, adolatlilikni ta’minlash mumkin. Shuningdek, ushbu tadqiqot xalqaro uyg‘unlashtirish sa’y-harakatlariga, masalan, BMTning Elektron savdo bo‘yicha model qonunini yoki raqamli savdo kelishuvlarini moslashtirishda hissa qo‘shib, sun’iy intellekt tomonidan tuzilgan shartnomalarning turli mamlakatlarda ham yuridik kuchga ega bo‘lishi borasida amaliy natijalar taklif qilishi mumkin.

Bu tadqiqotlar O‘zbekistondagi huquq tizimiga qanday yangilik kiritadi, ya’ni sun’iy intellekt va huquq sohasi kelajakda qay darajada rivojlanishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

–  Sun’iy intellekt O‘zbekiston huquq tizimining muhim bir qismiga aylanishi shubhasiz – bu shunchaki vaqt masalasi. Dunyo amaliyotiga nazar tashlasak, yuridik soha allaqachon sun’iy intellekt ta’sirida tubdan o‘zgarib bormoqda va O‘zbekiston ham bu yo‘ldan borishi tabiiy jarayon.

Sun’iy intellekt yanada qulay va mahalliylashgan shaklga ega bo‘lgach, u yuristlarning kundalik ish jarayonining ajralmas qismiga aylanadi – shartnomalarni avtomatik tuzish, katta hajmdagi huquqiy ma’lumotlarni tahlil qilish, qonunlardagi nomuvofiqliklarni aniqlash kabi ko‘plab jarayonlarda ishtirok etadi. Bu faqat yuridik firmalar uchun emas, balki sudlar, vazirliklar va xususiy korxonalar uchun ham tez, aniq va ishonchli huquqiy tahlil tizimini yaratishgaa olib keladi. Yurtimizda elektron hukumat davlat xizmatlarini qanday qilib tubdan o‘zgartirgan bo‘lsa, sun’iy intellekt ham yuridik amaliyotga yangicha, samaraliroq, ma’lumotga asoslangan va shaffof yondashuvni olib keladi.

Menimcha, O‘zbekiston aynan shu yangi bosqich arafasida turibdi va sun’iy intellekt tomonidan tuzilgan shartnomalarning huquqiy holati borasidagi tadqiqotim bu jarayon bilan bevosita bog‘liq.

Shuningdek, O‘zbekistonda sun’iy intellekt va huquq sohasidagi innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, bu yo‘nalishdagi tajribamni yurtimiz foydasiga safarbar qilish – men uchun katta mas’uliyat hamda shaxsiy maqsaddir.

Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring