Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Madaniy meros: Tarixiy obidalardan — Islom sivilizatsiyasi markazigacha (foto)

Madaniy meros: Tarixiy obidalardan — Islom sivilizatsiyasi markazigacha (foto)

Foto: Xabar.uz

Shahrisabz. Amir Temurning onasi Takinaxotun xotirasiga bunyod etilgan Oqsaroyning ulkan peshtoqiga qaraganimda ichimda g‘alati bir bo‘shliqni his qilgandim. Bolaligimda, tarix kitoblarida bu saroy haqida o‘qiganimni, rasmlarini ko‘rganimni hatto eslay ham olmadim, vaqt xotiramdagi bu sahifalarni butunlay o‘chirib yuborgandek edi. Yoki o‘quvchiligimda O‘zbekiston tarixi fani qiziqarli emas edimi? Eslashga harakat qildim ammo, mana shu Oqsaroyga bag‘ishlangan biror esda qoladigan darsni xotirlay olmadim.

Oqsaroy asosiy peshtoqining morpech bezagida koshinkor usta Muhammad Yusuf Tabriziyning nomi ikki marta takrorlanganini bizga tarix muallimasi aytganmidi o‘zi, kitoblarda shu haqda yozilganmidi? Yo‘q eslolmadim.

Bizgacha atigi bir qismi yetib kelgan bo‘lsa-da, o‘zining xarobroq holatida ham salobati bilan hayratga soladigan bu muhtasham me’morchilik durdonasi qarshisida o‘sha unutilgan tarix bilan yuzma-yuz keldim. 73 metr balandlikka bo‘y cho‘zgan, Xorazm va Tabriz ustalari 20 yil davomida qurgan, Taxtaqoracha dovonidan qo‘rg‘oshin quvurlarda suv keltirilib sharsharalar oqizilgan va devorlaridagi koshinlarda “Adolat — davlatning asosi va hukmdorlar shiori“ hamda “Bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing” degan hikmatlar bitilgan bu koshona qarshisida o‘zlikni aynan shunday jonli muloqot orqali qayta kashf etish mumkin ekanligini angladim.

35 yildan buyon nega biz o‘zlikni izlaymiz?

Sababi — bu yo‘qotilgan nomlarni tiklash, tarix kitoblaridagi soxta sahifalarni yirtib tashlash chanqog‘i edi. Biz o‘zimizning kimligimizni, ildizlarimiz qayerga taqalishini qaytadan o‘rgana boshlagan edik. Bugun esa bu jarayon shunchaki tarixni eslashdan ko‘ra chuqurroq bosqichga o‘tganini his qilaman.

Samarqand. U yerga ilk marta rosmana tarix uchun yuzlashish maqsadida borganimda kichik bir sopolchilik ustaxonasida ustaning qo‘lidagi loy qanday qilib naqshinkor idishga aylanayotganini kuzatgandim va shunda madaniy merosning chinakam ma’nosini tushunganday bo‘ldim. Usta amaki menga sopoldagi moviy rang haqida gapirib berarkan, bu rang shunchaki bezak emas, balki avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan fikrlash tarzi, olamni anglash shakli ekanini aytgandi.

“Bu naqshni bobomdan o‘rganganman, men esa o‘g‘limga o‘rgatyapman,” — degan edi soddagina hunarmand, ranglar jilosidan ko‘z ololmay.

Foto: Xabar.uz

Aynan shu oddiylikda katta bir ma’no bor edi. Madaniy merosni biz faqat mahobatli obidalar yoki bayramlarda kiyiladigan liboslardagina his qilmasligimiz kerak. U  kundalik qadriyatlarimizda, bir-birimizga bo‘lgan munosabatimizda, hatto mahallaning ertalabki sukunati-yu, oshxonadan kelayotgan non hidida anglashiladi.

Foto: Xabar.uz

Biz 35 yil davomida o‘zligimizni faqat o‘tmishdan axtardik. Ammo bugungi avlodga qarab milliylik o‘zgarmagan holda zamonaviy shakl olayotganini ko‘rish mumkin. Raqamli dunyoda, telefon ekranlari orqali olamni kuzatayotgan yoshlarning san’atda, libosda, musiqada yana o‘sha milliy motivlarga qaytayotgani bu shunchaki trend yoki moda emas, bu ildizlarning tabiiy tortishish kuchi ehtimol.

Milliy meros bu mahobatli imoratlarda, tosh ko‘chalarga  aylangan o‘tmishda qolib ketmagan, balki u biz bilan birga nafas olayotgan, har kuni qayta yaratilayotgan tiriklik ekan. Bugun men shu jarayonning ichida turganimni va uni kelajakka olib o‘tayotgan avlodning bir qismi ekanligimdan faxrlanyapman.

Foto: Xabar.uz

Aslida, bu anglash menga osonlik bilan kelgani yo‘q. Yana xotiramni varaqlayman, bolaligimda Samarqand men uchun shunchaki bozori bor shahar edi. Otamning qo‘lidan tutib, gavjum rastalar oralab yurganmiz, tirikchilik va xarid tashvishi bilan band bo‘lganimiz haligacha yodimda. O‘shanda na otamdan, na atrofimdagi odamlardan “Buxoroga borib tarixiy obidalarni tomosha qildim” yoki “Xivaning har bir toshida butun bir tarix yashiringan ekan”, degan gapni eshitganman. Shaharlarga bo‘lgan munosabat shunchaki kundalik ehtiyojlar bilan cheklangan edi. Chunki o‘sha paytlarda menda ham, atrofimdagilarda ham “milliy o‘zlik”, “madaniy meros” degan tushunchalarning o‘zi yo‘q edi.

Biz yashagan o‘sha tuzumda madaniy meros muzeylashtirilgan, ya’ni o‘tmishning jonsiz eksponati sifatida ko‘rsatilar edi. U odamlarning real hayotidan, qalbidan va dunyoqarashidan uzib qo‘yilgan edi.

Aynan mustaqillikka erishganimizdan keyingina hamma narsa asta-sekin o‘zgara boshladi. Biz Samarqandga endi shunchaki bozor va xarid uchun emas, oilaviy ziyorat, tomosha uchun boradigan bo‘ldik.

Uch boqiy shahar va uch anglash

Xiva. Bir yilning ichida Xivaga ikki marta bordim. Birinchi marta xizmat safari bilan va undan so‘ng oilaviy sayohat qildik, bu ziyorat menda butunlay yangi bir tuyg‘uni uyg‘otdi.

Xivaga ilk bor qadam qo‘yganimda ko‘nglimdan bir o‘y o‘tdi: odam Xivani ko‘rmasdan va uning ko‘chalariga qadam bosmasdan turib o‘zga yurt tarixiga qiziqishi yoki bu qadimiy tuproqni chetlab o‘tib boshqa mamlakatlarga sayohat qilishi haqida o‘ylash mumkin emas ekan.

Foto: Xabar.uz

Xivaning Ichan-Qal’asi ichida yurarkanman, Buxoroning muhtasham me’morchiligi-yu, Samarqandning salobatli peshtoqlarini xayolimda yonma-yon qo‘yib ko‘rdim. Bu shaharlardagi madaniy meros faqat suratga tushiladigan obidalar emas, balki millatning tirik xotirasi ekanini tushundim.

Aslida, bu shunchaki men kabi insonlarning oddiygina kechinmasi emas. Bugun millionlab yurtdoshlarimiz tarixiy makonlarda aynan shu ma’naviy ehtiyojni his qilmoqda. Jamiyatdagi ushbu ichki ehtiyoj va madaniy o‘zgarishlar ko‘lami, o‘z navbatida, davlat darajasidagi raqamlarda ham yaqqol o‘z ifodasini topmoqda.

Raqamlardagi o‘zlik va interaktiv makonlar

2019-yilda tasdiqlangan milliy ro‘yxat asosida mamlakatda 8 210 ta madaniy meros obyekti qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yil mart oyiga kelib, Madaniy meros agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning soni 8 366 taga yetdi. Tarixiy maskanlarning jamiyat hayotidagi va odamlar ongidagi o‘rni keskin o‘zgarganini tashriflar soni ham tasdiqlaydi, oxirgi bir yil ichida tarixiy obyektlarga besh milliondan ziyod mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu esa odamlarimizning o‘z o‘tmishiga va madaniyatiga bo‘lgan munosabati sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolatdir.

Shu bilan birga, merosni saqlashning zamonaviy yondashuvlari shakllanib bormoqda. Biz o‘rgangan “sharpali va sukunatli” muzeylar davri ortda qolmoqda. Bugungi kunda 27 ta muzeyda sovg‘a va suvenir do‘konlari, hunarmandlar ustaxonalari, onlayn do‘konlar hamda ijodkorlar, folklor jamoalari uchun maxsus maydonlar tashkil etildi.

Inson omili va teng imkoniyatlar ham asosiy maqsadga aylandi: 53 ta muzeyda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun panduslar o‘rnatildi, ayrimlariga ko‘tarilish vositalari moslashtirildi, ko‘pgina muzeylar zamonaviy audiogidlar bilan jihozlandi.

Demak, muzey endi faqat eksponat saqlanadigan yopiq joy emas, balki har bir fuqaro va mehmon uchun ochiq, jonli va interaktiv madaniy makonga aylanib bormoqda.

Dunyo bo‘ylab sochilgan meros va xalqaro e’tirof

Milliy o‘zlikni anglashda madaniy merosning ilmiy o‘rganilishi va uni dunyoga tanitish ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Sababi — O‘zbekiston madaniy merosining geografiyasi faqat mamlakatimiz hududi bilan cheklanib qolmaydi. Berlin, Boku, Florensiya, Venetsiya va London kabi jahon markazlarida o‘zbek muzeylari eksponatlari ko‘rgazmaga qo‘yilayotgani milliy merosni xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan yurtimizda “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusida o‘tkazilgan VIII xalqaro kongressi  va unda e’lon qilingan tashabbuslar alohida ahamiyatga ega. Dunyoning 35 davlatidan olimlar va IRSIKA, TURKSOY kabi nufuzli tashkilotlar rahbarlarini birlashtirgan ushbu anjuman ishtirokchilariga Prezident tomonidan yo‘llangan murojaatda ta’kidlanganidek: “Bu borada O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Kongressning bu galgi sakkizinchi yig‘ilishi doirasida mamlakatimizda bunyod etilayotgan, madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi megaloyiha — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining joriy va kelajakka mo‘ljallangan ilmiy dastur va rejalari muhokama qilinishi ayniqsa diqqatga sazovordir”.

E’tiborlisi, bundan ikki yil muqaddam davlatimiz rahbari tomonidan katta ishonch bilan tilga olingan ushbu ulug‘vor g‘oya va megaloyiha joriy yilning mart oyida to‘liq ishga tushirildi. Bu nafaqat yurtimiz, balki butun musulmon dunyosi ilmiy-ma’naviy hayotida tub burilish yasagan tarixiy voqea bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘sha anjumanda e’tirof etilganidek, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik noyob kitob-albomlar nashr etilib, dunyoning eng nufuzli kutubxonalariga yetkazib berildi. Shu bilan birga, Ozarbayjon, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Turkiya kabi davlatlarning fond va arxivlarida saqlanayotgan manbalar bo‘yicha alohida ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Xorijiy muzeylarda saqlanayotgan tariximizga oid 300 dan ortiq madaniy boylikning ilmiy tavsifi tayyorlanib, buyuk allomalarimiz merosiga oid qo‘lyozmalarning elektron nusxalari yurtimizga olib kelindi. Bundan tashqari, arxeologik merosni saqlashda yangi yondashuv asosida Afrosiyob, Axsikent va Uchtepa kabi maskanlar ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirilmoqda hamda yana boshqa arxeologiya yodgorliklarida shunday yirik loyihalar amalga oshirilmoqda

***

Bu sarhisob bizga yana bir muhim haqiqatni eslatadi: 8 366 ta obyektning har biri asrash va muhofaza qilish kerak bo‘lgan bebaho mulkdir. Madaniy merosni muhofaza qilishni faqat ta’mirlashga mablag‘ ajratish yoki xalqaro anjumanlarda faxrlanish bilan cheklab bo‘lmaydi. Ya’ni, obyektlarni ro‘yxatga olish muhim, lekin uning himoya hududini qat’iy nazorat qilish, noqonuniy aralashuvlarning oldini olish va jamoatchilik mas’uliyatini kuchaytirish eng ustuvor vazifa bo‘lib turibdi...

Bolaligida Samarqandni katta bozori bor shahar deb o‘ylagan, uning boy tarixi va “tirik muzey” ekanini xayoliga ham keltirmagan o‘sha yosh qizaloq, men vaqt o‘tib farzandlarim bilan Ichan-Qal’a bo‘ylab sayohatim davomida eng katta o‘zgarish odamlarning ongida yuz berganini his qilaman.

Madaniy merosimiz yutuqlarini sarhisob qilar ekanman, yuragim tubida bir ajib sog‘inch uyg‘ondi — Samarqand, Buxoro va Xivaga yana qaytgim, o‘sha ko‘hna devorlar bo‘ylab yana va yana kezgim kelayotganini his qildim. Madaniy merosga shunchaki o‘tmish deb emas, qalb rishtasi bilan bog‘lanish va har safar unga intilishning o‘zi aslida o‘zlikni anglash emasmi? Barcha savollarning javobi, barcha izlanishlarimizning yakuni aynan shu sog‘inchda yashiringandek. Ehtimol, bu bizni tomirimiz va ildizlarimiz tomon tortib turgan tabiiy, sirli bir kuchdir...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring