1-iyuldan kasallik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi
2026-yil 1-iyuldan O‘zbekistonda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, ya’ni kasallik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi amalga kiritiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tizimga ko‘ra, kasallikning dastlabki 5 kuni uchun nafaqani ish beruvchi to‘laydi. Oltinchi kundan boshlab esa to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ilgari kasallik nafaqasi to‘liq ish beruvchi zimmasida edi.
Nafaqa miqdori fuqaroning sug‘urta stajiga qarab belgilanadi. Sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lganlarga o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq stajga ega bo‘lganlarga esa 80 foizi to‘lanadi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, to‘rt va undan ortiq farzandi bor oilalar hamda nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan fuqarolar uchun nafaqa miqdori qo‘shimcha 20 foizga oshiriladi.
Yangi tartibda bolalarni parvarish qilish uchun ham qo‘shimcha kafolatlar joriy etilmoqda. Xususan, 14 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun qo‘shimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun esa qo‘shimcha 40 kalendar kungacha nafaqa to‘lanadi.
Tizim to‘liq raqamlashtiriladi. Fuqarolardan ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi. Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgach, ma’lumotlar avtomatik tekshirilib, nafaqa proaktiv tarzda tayinlanadi.
To‘lovlar «Baraka» tizimi orqali amalga oshiriladi. Har bir fuqaro uchun virtual karta avtomatik ochiladi va mablag‘lar shu kartaga o‘tkaziladi.
Yangi tartib davlat va xususiy sektorda rasmiy mehnat qilayotgan, kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega bo‘lgan barcha fuqarolarga tatbiq etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter