Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

1-may sanasidan O‘zbekistonda kutilayotgan o‘zgarishlar e’lon qilindi

1-may sanasidan O‘zbekistonda kutilayotgan o‘zgarishlar e’lon qilindi

Foto: Freepik

2026-yil 1-maydan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar ro‘yxati taqdim etildi.

Har qanday darajadagi standartlardan foydalanishga ixtiyoriy tus beriladi, xalqaro (mintaqaviy, xorijiy) standartlarni respublika hududida qabul qilishning xalqaro amaliyoti joriy etiladi hamda standartlaring rasmiy ro‘yxati milliy standartlar darajasida shakllantiriladi.

Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir pod’yezdga, liftlarga va tutash hududga kuzatuv kameralari, shuningdek, kirish eshiklariga domofon komplekslari o‘rnatish nazarda tutiladi.

«Umra» tadbiriga olib borish «Haj va Umra» yagona portalida majburiy ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.

Eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan, sun’iy intellekt asosida faoliyat yuritadigan «Aqlli» migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etiladi.

Xalqaro dasturlar («Stent for Life» va «Action Plan for Stroke») asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning quyidagi shaffof mexanizmi joriy etiladi:

- taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi, ularni o‘rnatishdan kamida 3 oy oldin «Yagona darcha» bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi;

- vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yig‘imlar (to‘lovlar) miqdori va kalkulyasiyasi «Yagona darcha» bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi.

Arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda quyidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:

- talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiya xati;

- mavzuli so‘rovlar to‘g‘risida ma’lumotnoma berishda so‘ralayotgan hujjatning nusxasi;

- davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini, shuningdek, Milliy arxiv fondining nodavlat qismiga kiritilgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berishda arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazish shaklini tasdiqlovchi hujjatlar;

- tijorat tashkiloti hujjatlarining belgilangan tartibda davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma. Bunda mazkur hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan Arxiv axborot tizimi orqali mustaqil ravishda olinadi.

Nogironlikni belgilash (bolalikdan nogironligi bo‘lgan, I va II guruh nogironlari) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Belgilanishicha, barcha turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi hamda faqat «Litsenziya» axborot tizimi yoki Yagona portal orqali amalga oshiriladi (bundan Markaziy bank hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining vakolatlariga taalluqli bo‘lgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari mustasno).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring