Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokatdan achchiq savol: nohaq tortib olingan 9 oylik umrning bahosi shuginami?

Advokatdan achchiq savol: nohaq tortib olingan 9 oylik umrning bahosi shuginami?

Foto: Xabar.uz

8 oy 21 kun qamoq va ozodlikdan mahrum qilish jazosi azobini nohaq tortgan fuqaroga sud ma’naviy zarar sifatida atigi 15 million so‘m undirib berilishi haqida qaror chiqardi. Bu haqda advokat Behzodbek G‘aniyev o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.

B.G‘aniyev himoyasidagi fuqaro U.A. birinchi instansiya sudining hukmi bilan Jinoyat kodeksi 184-moddasi (soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi va 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi bo‘yicha aybli deb topilib, 4 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etiladi.

Adolatni tiklash yo‘lidagi kurashdan keyin fuqaro U.A. kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan oqlanadi va reabilitatsiya qilinadi.

«Umumiy hisobda u 8 oy 21 kun (shundan 4 oy tergov hibsxonasida, qolgani manzil-koloniyada) qamoq va ozodlikdan mahrum qilish jazosining azobini nohaq tortdi. Shu sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga ma’naviy zarar undirish bo‘yicha murojaat qilindi. Sudning 2026 yil 23 iyul kungi hal qiluv qarori bilan ma’naviy zarar sifatida atigi 15 million so‘m undirib berildi. Bu degani: nohaq ozodlikdan mahrum qilingan va hibsda sindirilgan har bir kun uchun atigi 57.471 so‘m zarar hisoblangan! Bugungi kunda bu summaga oddiy kundalik ehtiyojlarni ham qoplab bo‘lmaydi. Inson qadri, uning ruhiy va jismoniy azoblari shunchalar qadrsizmi?»  – deya achchiq savollar qo‘yadi advokat.

Huquqshunos o‘z postida sud amaliyotidagi «ikki xil o‘lchov» masalasini ham ko‘targan.

«Agar masalaga boshqa tarafdan, ya’ni davlat foydasiga undiriladigan jarimalarni hisoblash mexanizmlari orqali qaraydigan bo‘lsak, farq anchagina. To‘lanmagan jarima og‘irroq jazoga almashtirilganda: ozodlikdan mahrum qilish jazosining har bir oyi bazaviy hisoblash miqdorining 16 baravariga tenglashtiriladi (bugungi kunda 1 oyi – 6.592.000 so‘m yoki 8 oy 21 kun uchun – 57.350.000 so‘m). Jazolar chegirilayotganda esa: qamoqda saqlashning bir kuni BHMning ikkidan bir qismiga tenglashtirib hisobga olinadi (bu hisob-kitobda 8 oy 21 kun qamoq uchun tayinlagan jarimadan 53.766.000 so‘m chegirib yuboriladi).

Savol tug‘iladi: davlat foydasiga hisob-kitob qilinadigan paytda qamoqning bir oyi millionlab so‘mga baholanadi-yu, ammo nohaq qamalgan fuqaroning singan taqdiri, to‘kilgan ko‘z yoshlari va poymol bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari uchun bir kuniga atigi 57 ming so‘m ravo ko‘riladimi? Inson qadri qani bu yerda?»  – deb yozadi advokat Behzodbek G‘aniyev.

Bunday amaliyot nafaqat qonuniylikka, balki oddiy adolat mezonlariga ham zid ekanini urg‘ulagan himoyachi sud qarori ustidan apellyasiya tartibida shikoyat berilishini qayd etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring