Aholi qarzlari oshdi: Kreditlar asosan qaysi sohalarga ishlatilmoqda?
2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 628,999 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 11 foizga ko‘p.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, eng katta ulush hanuz sanoat sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu tarmoqqa ajratilgan kreditlar hajmi 137,5 trln so‘m bo‘lib, umumiy portfelning 22 foizini tashkil qildi.
Biroq sanoat sohasida qiziq holat qayd etildi. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 159,6 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bir yil ichida 14 foizga qisqargan. Natijada sanoat kreditlarining ulushi ham 28 foizdan 22 foizga tushdi.

Kredit portfelidagi eng yirik yo‘nalish jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Aholiga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 230,8 trln so‘mga yetgan va umumiy portfelning 37 foizini shakllantirgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga o‘sgan. Natijada aholi kreditlarining ulushi 34 foizdan 37 foizga ko‘tarildi.
Real sektor tarmoqlarida ham o‘sish saqlanib qolmoqda. Qurilish sohasiga ajratilgan kreditlar 44 foizga oshib 20,8 trln so‘mga yetdi. Qishloq xo‘jaligi kreditlari 16 foizga o‘sib 65,4 trln so‘mni tashkil qildi. Savdo va umumiy xizmatlar sohasida esa kreditlar hajmi 47,4 trln so‘mga chiqib, yillik o‘sish 20 foizni tashkil etdi.
Shu jumladan, boshqa sohalardagi kreditlar hajmi 31 foizga o‘sib, 87 trln so‘mga yaqinlashgan.
Moddiy va texnik ta’minotni rivojlantirish sohasida kreditlar 23 foizga ko‘paygan bo‘lsa, transport va kommunikatsiya tarmog‘ida o‘sish atigi 1 foizni tashkil qildi. Uy-joy kommunal xizmati sohasida esa kreditlar hajmi 9 foizga qisqardi.
Qayd etilishicha, raqamlar kredit portfelida sanoatning ulushi kamayib, aholi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter