Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Suriya hududiga aviahujum uyushtirdi

AQSh Suriya hududiga aviahujum uyushtirdi

Foto: US Air Force

20-dekabrga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Suriya hududidagi IShID (“Islom davlati”) terrorchi tashkiloti guruhiga tegishli ob’yektlarga aviahujum yo‘lladi. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset ma’lum qilgan.

“Qirg‘iy hamlasi” deb atalgan harbiy amaliyotda qiruvchi uchoqlar va jangovar vertolyotlar ishtirok etgan. Suriyaning markaziy mintaqalarida joylashgan 70 ga yaqin ob’yekt – IShID jangarilari, shuningdek, infratuzilma va qurol-aslaha omborlari o‘qqa tutilgan. Hujum Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a ma’muriyati bilan kelishilgan holda amalga oshirilgani aytilmoqda. AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset ushbu hujumni qasos amaliyoti deb atagan. Gap shundaki, joriy yil 13-dekabr kuni Suriyaning Palmira shahrida Suriya va AQSh harbiylarining birgalikdagi patruli payti IShID jangarisi tomonidan hujum uyushtirilgan va buning oqibatida ikki amerikalik harbiy va bir tarjimon halok bo‘lgandi. Shuningdek, bir necha harbiy jarohatlangandi. Hujum uyushtirgan jangari o‘ldirilgan. “Bu urushning boshlanishi emas, balki qasos amaliyotidir. Biz hujumdan keyinoq ma’lum qilganimizdek, agar siz amerikaliklarga hujum qilsangiz, dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmang, qolgan qisqa umringizni xavotirda o‘tkazasiz, Qo‘shma Shtatlar sizni ta’qib etadi, topadi va shafqatsizlarcha o‘ldiradi”, – deb bayonot bergan AQSh mudofaa vaziri. AQSh prezidenti Donald Tramp ham “Truth Social” platformasidagi rasmiy kanalida Suriya hududiga uyushtirilgan hujumni “o‘ta jiddiy qasos zarbasi” deb atagan.

Tramp Suriya “Islom davlati” terror tashkilotiga barham bera olsa, kelajagi porloq bo‘lishini qayd etgan. Siyosatchi, shuningdek, Suriyaning amaldagi rahbari mamlakatga “buyuklikni qaytarish” uchun sidqidildan harakat qilayotganini aytgan. Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp joriy yil 10-noyabr kuni Oq uyda Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashdi.

Suriya axborot vaziri Hamza Mustafo uchrashuvdan so‘ng Damashq AQSh boshchiligidagi IShID terrorchi guruhiga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilganini ma’lum qilgan. So‘nggi oylarda AQSh boshchiligidagi koalitsiya Suriya hududiga bir qator aviahujumlar uyushtirdi, IShIDga qarshi yerda ham amaliyotlar o‘tkazdi. Ushbu amaliyotlarda Suriya xavfsizlik kuchlari ham qatnashgan. Tramp ilk prezidentlik davrida AQSh harbiylarining Suriyada bo‘lishini tanqid qilgan. 2018 yilda IShID ustidan g‘alaba qozonilganini e’lon qilgan va Suriyadan AQSh qo‘shinini olib chiqishga buyruq bergan. Ayni paytda Suriya hududida 1000 ga yaqin amerikalik harbiy mavjud. Darvoqe, prezident Tramp joriy yil 16-dekabr kuni AQSh hududiga fuqarolari kirishi man etilgan davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi. 2026-yil 1-yanvardan amalga tatbiq etilgan “qora ro‘yxat”ga Suriya ham kiritilgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring