Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxmalda za’faron ekish mavsumi boshlandi – mavsumiy ishchilar soni 25 000 nafar

Baxmalda za’faron ekish mavsumi boshlandi – mavsumiy ishchilar soni 25 000 nafar

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yetishtirish maqsadida za’faron yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishga qaratilgan yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Bu haqda BMB HOLDING Axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu loyiha BMB HOLDING tarkibiga kiruvchi korxona, Italiyaning FIN.OPERA SRL kompaniyasi hamkorligi hamda “O‘zsanoatqurilishbank” moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 120 million yevroni tashkil etib, shundan 70 million yevro — to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, 37 million yevro — BMB HOLDING mablag‘lari, 13 million yevro — bank krediti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kecha, 16 oktyabr kuni, Baxmal tumanida za’faron plantatsiyalarini kengaytirish jarayoni bilan tanishishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda mavjud 700 gektar maydonda za’faron yetishtirilmoqda, mavsum yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 820 gektarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasidagi 400 gektar yer BMB-OPERA ZAFFERANO qo‘shma korxonasi tomonidan, qolgan qismi esa BMB SHIFO maydonlarida o‘zlashtirilmoqda. Bu hamkorlik mahalliy va xalqaro tajribani uyg‘unlashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish imkonini bermoqda.

Ma’lumot uchun, loyiha doirasida hozirga qadar 84,6 million yevro miqdorida investitsiya o‘zlashtirilgan. 2 gektar yer maydonida quritish, qayta ishlash va qadoqlash liniyalari, efir moyi ishlab chiqarish sexi hamda zamonaviy laboratoriya bilan jihozlangan ishlab chiqarish majmuasi faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, za’faron plantatsiyalarida suv tanqisligi sharoitida AgroNanoGel Basic gidrogelidan foydalanish orqali suv sarfini 40–45 foizgacha kamaytirishga erishilgan. Energiya tejamkorligi yo‘nalishida esa quyosh panellari o‘rnatilib, ishlab chiqarish jarayonlari qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda BMB ZA’FARON brendi ostidagi mahalliy mahsulotlar Italiya, Avstriya, Niderlandiya, Fransiya, AQSh, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 2021 yilda 1,2 million yevroni tashkil etgan eksport hajmi 2025 yil yakuniga qadar 12 million yevroga yetkazilishi kutilmoqda.

Mahsulotlar xalqaro USDA ORGANIC va FDA sertifikatlariga, shuningdek, ISO 17025 va ISO 3632-1:2011 standartlari talablariga mos kelishi bilan eksport bozorlarida yuqori ishonch qozongan.

Loyiha doirasida hozirgacha 25 ming nafar mahalliy aholi mavsumiy, 450 nafar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. E’tiborlisi, endilikda za’faron ekishda xorijdan keltirilgan piyozboshlar emas, balki mahalliy Jizzax za’faroni ko‘chatlari foydalanilmoqda.

2028 yilga qadar za’faron plantatsiyalarini 2 000 gektargacha kengaytirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu hududning agrar salohiyatini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va mahalliy brendni jahon bozorida muvaffaqiyatli ilgari surishga xizmat qiladi.

BMB HOLDING yaqin istiqbolda mahalliy za’faron piyozboshlarini BMB ZA’FARON brendi ostida dunyo bozorlarida tanitishni hamda turizm sohasidagi BMB ZA’FARON RESTAURANT va BMB ZA’FARON HOTEL tarmoqlari orqali milliy mahsulotni targ‘ib etishni rejalashtirgan.

Umuman, mazkur loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalarning amaldagi ifodasi bo‘lib, Jizzax viloyatini ilg‘or agrar hudud sifatida rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring