Bosh prokuraturada O‘zbek tili bayrami nishonlandi

Bugun, 18 oktyabr kuni Bosh prokuraturada «Til yashasa, millat yashaydi» shiori ostida 21 oktyabr — o‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Videoselektor shaklida o‘tkazilgan ushbu tantanali tadbirda prokuratura organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Shuningdek, mazkur tadbirda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodirjon Xolbo‘tayev, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Iqbol Mirzo va Mahmud Toir, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Lola Eltoyeva, Behzod Muhammadkarimov, Zuxra Ashurova, parlament a’zolari va boshqa taniqli madaniyat, san’at va adabiyot namoyondalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashishdi.
Bayram tadbirini Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kirish so‘zi bilan ochib, 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan barchani muborakbod etdi hamda yurtimizda o‘zbek tiliga berilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan muhim islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida chinakam yangi davr boshlanganligi, ona tilimizning jamiyatning barcha sohalarida faol qo‘llanilishiga erishish, yosh avlodni tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga, Bosh prokuror davlat tiliga oid qonunchilik hujjatlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlashda prokuratura organlari xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirish, avvalo, tizimning o‘zida davlat tiliga yuksak e’tibor va hurmat ruhini shakllantirish masalalariga ham to‘xtalib, bu borada prokuratura organlari oldingi saflarda bo‘lishi lozimligini e’tiborga oldi.
Jumladan, prokurorlar imzolaydigan har qanday hujjat davlat tilining ustuvor qoidalariga to‘liq mos kelishi, har
bir xodim davlat tilida yozma va og‘zaki tarzda o‘z fikrini to‘g‘ri ifodalay olish mahoratini egallashi, umuman, til haqidagi bilim va ko‘nikmalarni boyitib borish, ona tilimizni har qanday tajovuzdan, qonun buzilishidan himoyalash prokuratura xodimlarining kundalik ishining bir qismiga aylanishi shartligi xodimlarga qat’iy uqtirildi.
Bu borada prokuratura organlarining har qanday tekshirishida, ya’ni qaysi qonun ijrosi tekshirilishidan qat’i nazar, tekshirilayotgan idorada davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ahvolini majburiy ravishda o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda bayram munosabati bilan prokuratura xodimlari o‘rtasida tahliliy ish, savodxonlik va she’riyat yo‘nalishlarida o‘tkazilgan tanlov g‘olib va sovrindorlari diplom va sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirda so‘z olgan taniqli san’atkor, olim, yozuvchi va shoirlar ham davlat tilining o‘rni va ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirishdi hamda bayram munosabati bilan barchani tabriklab, tegishli tavsiya va takliflari bilan o‘rtoqlashishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter