Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda qo‘lbola dori sexi fosh etildi

Buxoroda qo‘lbola dori sexi fosh etildi

Buxoroda huquq-tartibot organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lbola dori tayyorlab, sotishga urinish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi.

Kolgon shahar, Amir Temur mahallasi, Ma’naviyat ko‘chasi hamda Buxoro shahrining markaziy shohko‘chasida joylashgan yashash xonadonida dori vositalarini qadoqlashga mo‘ljallangan yashirin sexlar faoliyati aniqlangan. Unga ko‘ra, yorliq va yo‘riqnomalarni o‘zgartirish orqali qalbaki dori vositalari tayyorlangan, saqlangan va sotilgan. Shuningdek, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlar dorixonalardan tashqarida realizatsiya qilingan.

Bundan tashqari, tekshiruvlar davomida sexda dorilar qadoqlangani, yorliq va yo‘riqnomalar soxtalashtirilgani, mahsulotlar rasmiy reyestrda mavjud emasligi, muvofiqlik sertifikati yo‘qligi,  ishlab chiqaruvchi davlat tashkiloti nomi ko‘rsatilmagani, va hatto, qalbakilashtirilgan qo‘lbola dori vositalarining yaroqlilik muddati ham o‘tgani ma’lum bo‘lgan.

Tezkor tadbir davomida fuqarolar xonadonida mavjud bo‘lgan qalbakilashtirilgan 31 turdagi 8332 quti va 3336 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi, 3-qismi, «a» bandi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

«Bunday holatlar, nafaqat, qonunbuzarlik, balki, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy tahdiddir. Zero, qalbaki dorilar – muolaja emas, inson hayoti uchun xatar. Fuqarolar dori vositalarini faqat rasmiy va litsenziyalangan dorixonalardan xarid qilishi maqsadga muvofiq ekanini unutmasligi lozim»,-deydi huquq-tartibot organi xodimi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring