Buxoroda to‘y kortejini tashkil qilgan jo‘ralar jazolandi
Joriy yilning 2-yanvarida ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda uyushtirilgan to‘y korteji turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Buxoro viloyat IIB JXX YHXB axborot guruhi katta inspektori Umidjon Barakayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan tezkor o‘rganish ishlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi to‘ylarning birida turli rusumda bo‘lgan bir xil rangdagi o‘ndan ziyod avtomashinalar guruh bo‘lib harakatlanishgan. Boz ustiga, ular yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, o‘z xatti-harakatlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishgan.
Qilmishlariga javob berishga kelganda esa «jo‘ralar» do‘stini xursand qilish uchun to‘y kortejini uyushtirganini va bu xatti-harakatlaridan pushaymon ekanligini bildirishgan.
Ushbu holat YHXB xodimlari tomonidan o‘rganilib, barcha avtomashinalar vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 129-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘ijduvon tumanida ham o‘nga yaqin fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan avtomashinalarda guruh bo‘lib harakatlanib, qoidabuzarlik sodir etgan holda to‘y kortejini uyushtirgani haqida xabar qilingan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter