«Eng innovatsion g‘oya» talabalar tanlovining mukofot jamg‘armasi 10 mlrd so‘m etib belgilandi
O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida «Eng innovatsion g‘oya» respublika tanlovi o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 463-son qarori bilan tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.
Tanlov ikki bosqichda — oliy ta’lim muassasasi va respublika miqyosida tashkil etiladi. Birinchi bosqich har yili davlat OTMlarida o‘tkaziladi va g‘oliblar oliygohlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan rag‘batlantiriladi.
OTM bosqichida g‘oliblarga:
- 1-o‘rin uchun — 50 mln so‘m;
- 2-o‘rin uchun — 30 mln so‘m;
- 3-o‘rin uchun — 20 mln so‘m grant beriladi.
Respublika bosqichida esa mukofot miqdori ancha yuqori bo‘ladi:
- 1-o‘rin — 500 mln so‘m;
- 2-o‘rin — 300 mln so‘m;
- 3-o‘rin — 200 mln so‘m.
Shunday qilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha respublika bosqichi g‘oliblariga jami 1 mlrd so‘m, 10 ta yo‘nalish bo‘yicha esa umumiy hisobda 10 mlrd so‘m mukofot ajratilishi belgilangan.
Tanlov respublika bosqichida quyidagi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi: raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, kiberxavfsizlik, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, mudofaa va xavfsizlik, energiya texnologiyalari, suv xo‘jaligi texnologiyalari hamda ta’lim va ilm-fan.
Qarorga ko‘ra, respublika bosqichi g‘oliblari xorijiy davlatlardagi inkubatsiya, akseleratsiya va stajirovka dasturlariga ham yuborilishi mumkin.
Tanlovning birinchi bosqichi har yili 20-noyabrga qadar davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladi. Respublika bosqichini esa 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har yili tashkil etish belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter