Eron Ukrainaga qarshi keskin javob chorasidan voz kechdi
Eron va Ukraina tashqi ishlar vazirlari.
Eron Kaspiy dengizida harakatlanayotgan yuk kemasiga Ukraina zarba berganiga javoban Ukrainaning Qora dengizdagi portlaridan biriga raketa orqali hujum uyushtirishni rejalashtirgan edi. The New York Times nashri xabar berishicha, Tehron va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralardan keyin fors davlati Ukraina portiga zarba berish fikridan qaytgan.
Manbalarga ko‘ra, Eron tomonidan beriladigan zarba ramziy qadam deb baholangan. Ammo ushbu kichik qadam ham Eron va Ukraina o‘rtasidagi diplomatik ziddiyatni harbiy to‘qnashuvga aylantirishi mumkin edi.
DW xabar berishicha, Kaspiy dengizida kuzatilgan ziddiyatli hodisadan keyin Ukraina tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Andrey Sibiga eronlik hamkasbi Abbos Araqchiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Ukraina bosh diplomati Kiyev vaziyat beqarorlashini istamasligi, mamlakat faqat Rossiya agressiyasiga qarshi kurashayotgani qayd etgan va fuqaroviy kemalarga hujum provokatsiyalari uchun Rossiya javob berishi lozimligini aytgan.
Vazir Erondan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini har qanday tarzda qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni ham so‘ragan.
«Andrey Sibiga Eron kemasiga hujum qasddan qilinmagani va Ukraina eskalatsiyaga intilmayotganiga meni ishontirdi. Eron ham eskalatsiyaga intilmaydi, biroq fuqarolarimiz yoki manfaatlarimizga qarshi har qanday hujumlar qabul qilib bo‘lmas holat ekanini qat’iy ta’kidladik. Zarar ham qoplanishi kerak», – deya holatga munosabat bildirgan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi.
Avval xabar berganimizdek, 25-iyul kuni Tehron hukumati Ukraina Kaspiy dengizidagi Eronga qarashli savdo kemasiga hujum qilgani, oqibatda ekipajning bir a’zosi halok bo‘lgani, bir a’zosi esa jarohatlangani haqida bayonot berdi.
Eron tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning muvaqqat ishlar bo‘yicha vakilini chaqirib, unga norozilik notasini topshirdi. Tehron bu hodisani xalqaro huquqning buzilishi va Ukrainaning mojaroni kuchaytirishga urinishi deb atagan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘sha kuni Kaspiy dengizi havzasida uzoq masofali zarbalar yaxshi natija berganini ma’lum qildi. Ukraina xavfsizlik xizmatiga ko‘ra esa, Eron va Rossiya o‘rtasida harbiy yuk tashiyotgan, xalqaro sanksiyalar ostidagi kemaga zarba berilgan.
Eron parlamenti Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi raisi Ibrohim Aziziy Kaspiy dengizida savdo kemasiga qilingan hujumga munosabat bildirib, Tehron bu harakatni javobsiz qoldirmasligini aytgan.
So‘nggi hodisalar muzokara orqali yirik eskalatsiyaning oldi olinganidan dalolat beradi.
Ma’lumot o‘rnida: Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan Ukraina Eronni Moskvani harbiy texnika, xususan, dronlar yetkazish orqali qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter