Eronni tosh davriga uloqtirmoqchisiz, aslida o‘z askarlaringizni go‘rga yetaklayapsiz
Majid Musaviy.
«Hollivud xomxayollari»ga berilgan AQSh Eronni «tosh davriga qaytaraman» deb qo‘rqityapti — Donald Trampning murojaatiga Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) koinot-havo kuchlari qo‘mondoni Majid Musaviy shunday javob qaytardi.
«Siz Eronni tosh davriga uloqtirmoqchisiz, aslida o‘z askarlaringizni go‘rga yetaklayapsiz. Hollivud uydirmalari ongingizni shu qadar zaharlaganki, 250 yillik arzimas tarixingiz bilan 6000 yillik sivilizatsiyaga tahdid qilyapsiz», — deb yozdi u.
Eron va tosh davrini ming yillar ajratib turibdi, deb bayonot berdi Eron prezidenti ma’muriyatining jamoatchilik bilan aloqalar va axborot bo‘yicha o‘rinbosari Mehdi Tabatabaiy.
«Agar gap tosh davriga qaytish haqida ketayotgan bo‘lsa, ular marra chizig‘iga ancha-ancha yaqin», — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, prezident Donald Tramp amerikaliklarga murojaatida Eron tosh davriga uloqtirib tashlanishini aytgandi. AQSh bu bilan eronliklarni elektrsiz qoldirishni nazarda tutgan, ta’kidlanishicha, agar Eron kelishuvga rozi bo‘lmasa, mamlakatdagi barcha elektr stansiyalariga bir vaqtning o‘zida juda kuchli zarba beriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter