Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Haaretz: BAA 7 oktyabr hujumi oldidan Netanyaxuni ogohlantirgan

Haaretz: BAA 7 oktyabr hujumi oldidan Netanyaxuni ogohlantirgan

BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni 2023-yil 7-oktyabr hujumidan bir necha kun oldin HAMAS yirik operatsiya tayyorlayotgani haqida ogohlantirgan. Bu haqda Haaretz nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil sentyabr oxirida Muhammad bin Zoid Netanyaxu bilan taxminan 45 daqiqa telefon orqali muloqot qilgan. Suhbatda u HAMASning o‘sha paytdagi G‘azodagi rahbari Yahyo Sinvar katta hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgan.

Haaretz yozishicha, BAA rahbari bunday hujum qon to‘kilishiga, mintaqadagi vaziyat beqarorlashishiga va «Ibrohim kelishuvlari»ga zarar yetkazishi mumkinligini ham bildirgan.

Nashrga ko‘ra, Netanyaxu ogohlantirishga xotirjam munosabat bildirib, Isroil har qanday ssenariyga tayyor ekanini aytgan. Shu bilan birga, ehtimoliy hujum G‘arbiy Sohildan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Biroq Netanyaxuning idorasi Haaretz xabarini «mutlaqo yolg‘on» deb atadi. Rasmiy bayonotda o‘sha davrda Netanyaxu BAA rahbari bilan bunday suhbat o‘tkazmagani aytilgan.

Jurnalistlar Shlomi Eldar va Rut Yuvalning 7-oktyabr voqealari va razvedkadagi kamchiliklarga bag‘ishlangan yangi kitobi ma’lumotlariga asoslangan mazkur xabar Isroilda parlament saylovlari arafasida e’lon qilindi. Muxolifat yetakchilari ushbu ma’lumotlar yuzasidan rasmiy tekshiruv o‘tkazishni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS boshchiligidagi qurolli guruhlar Isroilga hujum qilib, taxminan 1200 kishini o‘ldirgan va 251 kishini garovga olgan edi. Bu voqea G‘azodagi keng ko‘lamli urushga sabab bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring