Ikki xotinni «qo‘ygan» qarzdor mashinasi bilan ham «ajrashadigan ko‘rinadi»
Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida yashovchi 39 yoshli F.Q. ikki bor oila qurdi, ammo har ikki turmushida ham kelishmovchiliklar sabab ajrashishga majbur bo‘ldi. Birinchi va ikkinchi nikohidan dunyoga kelgan ikki nafar farzandining ta’minotiga esa befarqlik bilan qaradi.
Natijada, sobiq turmush o‘rtoqlari sud orqali aliment undiruviga murojaat qilishga majbur bo‘lishdi.
Ijro jarayonlarida F.Q. bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay, aliment to‘lovlarini amalga oshirmagan. Shuning hisobiga jami 33 million so‘m miqdorida qarzdorlik yuzaga keldi.
Bundan tashqari, qarzdor shaxs AT «Aloqabank»dan olingan 64 million so‘mlik kredit qarzini ham uzishdan bo‘yin tovlagan.
Shu bois, Majburiy ijro byurosining Ulug‘nor tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan F.Q.ga tegishli «Hongqi H5 Flagship» rusumli avtomashina xatlab qo‘yildi.
Endi u aliment va kredit qarzlarini belgilangan muddatda to‘lamasa, ushbu avtomashina elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi va sotuvdan tushgan mablag‘lar ijroga qaratiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter