Inson Yerdan 406 608 kilometrgacha uzoqlashdi — «Orion» kemasi tarixiy marrani zabt etdi
«Artemida-2» missiyasi doirasida Oy tomon parvoz qilgan «Orion» fazoviy kemasi ekipaji Yerdan 406 608 km masofaga uzoqlashdi. Bu bilan «Apollon-13» ko‘rsatkichi yangilanib, insonning koinotga parvozlari tarixidagi eng olis masofaga borildi, deb bayonot berdi NASA.
To‘rt nafar astronavt: amerikaliklar — Rid Vaysman, Viktor Glover, Kristina Kuk hamda kanadalik Jeremi Hansen Oydan 8 047 km uzoqroq nuqtadan o‘tuvchi trayektoriya bo‘ylab harakatlandi. Yangi natija «Apollon-13» ekspeditsiyasi tomonidan o‘rnatilgan avvalgi maksimal ko‘rsatkichdan taxminan 6 437 km ga ko‘proqdir.
Oy atrofini aylanib o‘tish davomida ekipaj olti soatga yaqin vaqtni belgilangan orbitada o‘tkazdi. Astronavtlar Oyning orqa tomonini, shuningdek, Oy Quyosh diskini to‘sib, uning tojini ko‘rish imkonini beruvchi to‘liq Quyosh tutilishi hodisasini kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar.
Parvoz davomida kema taxminan 40 daqiqa davomida boshqaruv markazi bilan aloqa hududidan tashqarida bo‘ldi. Ushbu bosqich shtat rejimi hisoblanib, apparatning Oyga nisbatan joylashuvi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, «Orion» kemasi o‘rnatilgan SLS raketa-tashuvchisi 1-aprel kuni Floridadagi Jon Kennedi nomidagi Kosmik markaz maydonchasidan start olgan edi. Parvoz o‘n kunga mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Oyga inson ishtirokidagi oxirgi parvoz 1972-yil dekabr oyida «Apollon-17» missiyasi doirasida amalga oshirilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter