Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iste’foga ketayotgan matbuot kotibi ishtirokidagi “ishkal”lar

Iste’foga ketayotgan matbuot kotibi ishtirokidagi “ishkal”lar

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Trampning matbuot kotibi Kerolayn Levitt avgust oyi oxiriga qadar lavozimini tark etadi. Oq uyning eng yosh matbuot kotibi sifatida tarixga kirgan 28-yashar Kerolayn Levitt ikki yillik faoliyati mobaynida bir qator mojaroli bayonotlari bilan tilga tushdi.

Avval xabar berganimizdek, Donald Tramp Levittning kutilmagan iste’fosini oilasi va ikki farzandi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni rejalashtirayotgani bilan izohladi.

Ommaviy axborot vositalari esa ushbu iste’fo Tramp Anqaradan qaytish chog‘i bir guruh a’yonlari qatorida Kerolayn Levittni ham ehtimoliy tahdid nishoni bo‘lgan uchoqda qoldirgani ortidan ro‘y berayotganiga e’tibor qaratgan. 

The Washington Post nashri yozishicha, Tramp joriy yil 8-iyul kuni Turkiyadagi NATO sammitidan so‘ng mamlakatni tark etayotganida samolyotini maxfiy ravishda almashtirishga majbur bo‘lgan. Ushbu qaror AQSh maxsus xizmati tomonidan Eron bilan bog‘liq suiqasd xavfi sababli qabul qilingan.

Birgina Trampning xavfsizligi vajidan samolyotda tahdiddan bexabar odamlarning qoldirilishi jamoatchilik tomonidan tanqidiy baholandi.

Kerolayn Levitt ziddiyatli mulozim sanaladi. Trampning tarafdorlari uni AQSh prezidentining ashaddiy himoyachisi deya hurmat qiladi. Boshqalar esa uni Trampning muxoliflarini, hatto biroz tanqidiy fikr bildirganlarni ham haqorat qilishdan toymaydigan shaxs o‘laroq qoralaydi.  

Euronews telekanali Oq uy voizi ishtirokidagi “ishkal”larni bir joyga jamladi. Ulardan ayrimlarini eslab o‘tamiz.

2025-yil mart oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Associated Press agentligi muxbiri Josh Boak Levittning prezident Trampning boj siyosatiga doir bayonoti yuzasidan e’tiroz bildiradi.

«U soliqlarni oshirmayapti. Bojlar bizni yillar mobaynida shilib kelgan xorijiy davlatlarga nisbatan soliqlar oshishini anglatadi. Bojlar amerikaliklar uchun soliqlar kamayishi demakdir», — deya Trampning boj siyosatini oqlagan uning matbuot kotibi.

«Kechirasiz, o‘zingiz biror marta boj to‘laganmisiz? Masalan, men to‘laganman. Bojlar xorijiy shirkatlardan emas, balki (AQShning) import bilan shug‘ullanuvchilaridan undiriladi», — deya e’tiroz bildirgan Associated Press muxbiri.

Levitt e’tirozga tayinli javob bermagan, ammo Associated Press muxbirini haqorat qilishda ayblagan. 

Associated Press agentligi Meksika qo‘ltig‘ini Tramp ma’muriyati talab qilganidek, “AQSh qo‘ltig‘i” deb atamagani sababli Oq uy tadbirlarida qatnashish imkonidan mahrum etilgan. Keyinroq nafaqat AQSh, balki butun dunyodagi nufuzli agentlikka nisbatan jazo chorasi bekor qilingan. Ammo ushbu hodisa Levitt OAV vakillarini nazoratga olishga uringanidan dalolat beradi.

Pirovardida, matbuot kotibi Oq uy tadbirlariga Trampga moyil, uni maqtashga ishtiyoqmand bo‘lgan bloger va jurnalistlarni ham taklif etgan.  

Tahlilchilarga ko‘ra, Levittning Tramp siyosatiga nisbatan tanqidiy mulohaza bildirgan jurnalistlar bilan dahanaki tortishuvga berilishi deyarli odatga aylangan.

2025-yilning oktyabrida u HuffPost nashri muxbiri bilan janjalga sabab bo‘lgan. O‘sha kezlar prezident Tramp Vengriya poytaxti Budapeshtda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni rejalashtirgan edi.

«Prezident (Tramp) Budapeshtning ahamiyatini anglaydimi? 1994-yili Budapeshtda Rossiya Sovet Ittifoqi parchalanishidan so‘ng o‘ziga o‘tgan yadro qurolidan voz kechsa, Ukrainaga bostirib kirmaslikka va’da bergan edi. Nahotki u Ukraina muzokara uchun bu shahar tanlanishiga qarshi bo‘lishi mumkinligini tushunmasa? (Muzokara uchun) Budapeshtni kim taklif qildi? Javobingiz uchun rahmat!» — deya vazminlik bilan savol yo‘llagan HuffPost muxbiri.

Oq uy matbuot kotibi esa bu murojaatga “Onang (taklif qildi)” deya qo‘pol tarzda javob qaytargan. Boz ustiga, u HuffPost nashri muxbiriga “o‘ta so‘l propagandachi” deya ayb taqagan.

Levitt AQShda siyosiy zilzila keltirib chiqargan “Epshteyn ishi”ni demokratlar uyushtirgan soxta ish deya da’vo qilib kelgan. 2026-yil fevral oyida jurnalistlar AQSh savdo vaziri  Hovard Latnikning Jeffri Epshteyn bilan aloqasi haqida savol berganida, Levitt avvaliga savdo vazirini obdon himoya qilgan, so‘ngra matbuot anjumani hali yakunlanmay, jurnalistlar davrasini namoyishkorona tark etgan.

O‘tgan yil mart oyida Kerolayn Levitt fransuz deputatining “Ozodlik” haykalini ortga qaytarish xususidagi talabiga javob qaytararkan, Yevropa parlamenti deputatini “quyi darajadagi ismsiz fransuz siyosatchisi” deya yerga urgan.

Avgust oyida esa u Trampning “jannatga tushish” borasida istagi hazil emasligini ochiqlagan.

Joriy yil 28-fevral kuni Eronning Minob tumanidagi “Shajarayi Toyyiba” maktabi bombalanishi oqibatida 170 ga yaqin o‘quvchi qiz halok bo‘lgan edi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ushbu holatni tezkorlik bilan, xolis va haqqoniy tarzda taftish etishni talab qilgan.

O‘rganishlar maktabga zarbani AQSh harbiylari amalga oshirganini ko‘rsatgan.

Levitt fojianing ko‘lami va ahamiyatini pasaytirishga uringan, bu borada AQSh harbiylarining aybi yo‘qligini da’vo qilgan edi. Eron Oq uy matbuot kotibining o‘nlab begunoh o‘quvchilar halok bo‘lishi borasidagi pozitsiyasiga keskin javob qaytargan.

Kerolayn Levitt joriy yil may oyida qiz farzand ko‘rgani ma’lum. U 60 yoshli qurilish magnati Nikolas Richchioga turmushga chiqqan.

«Minob maktabidagi rahbaringiz o‘ldirgan va siz oqlagan 168 nafar o‘quvchi ham bola edi. Farzandingizni erkalab o‘payotgan paytingizda (halok bo‘lgan) bolalarning onalarini ham yodga oling», — deya ijtimoiy tarmoqda post chop etgan Eronning Armanistondagi elchixonasi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring