Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Amerika qit’asidan kelgan ilk prezident

Amerika qit’asidan kelgan ilk prezident

Foto: president.uz

Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi geografiyasi kengaymoqda, dunyo xaritasining turli burchaklari bilan muloqotlar faollashmoqda.

Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya shu kunlarda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega — Amerika qit’asidan, xususan Lotin Amerikasi mamlakatlari orasida ilk bor bunday darajadagi yetakchi O‘zbekistonga keldi.

Biz bilgan va bilmagan Paragvay

Paragvay – Janubiy Amerikaning qoq markazida joylashgan, dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlat. Hududi 406,7 ming kvadrat kilometr, aholi soni 7,5 million kishi. Mamlakat prezidentlik boshqaruvi shakliga ega bo‘lib, Santyago Penya 2023 yilning avgustidan buyon davlat rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda.

Paragvayning iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi yetakchi o‘rinda: YaIMning 30 foizi ushbu sohadan keladi. Mamlakat soya, go‘sht-sut mahsulotlari, paxta va yerba-mate kabi mahsulotlarning yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. So‘nggi yillarda Chako mintaqasida neft zaxiralarining aniqlanishi mamlakatning energetik istiqbollarini yanada mustahkamlamoqda.

Foto: a.storyblok.com

Mamlakat aholisining katta qismi metislar (95 foiz), guarani va ispan tillari keng qo‘llaniladi. Guarani tilidagi “Paragvay” atamasi “buyuk daryo” degan ma’noni anglatadi — bu nom mamlakat tarixida daryolar va tabiatning o‘rni muhim ekanini eslatib turadi.

Santyago Penya: yosh va islohotchi rahbar

1978 yilda tug‘ilgan Penya — Paragvay tarixidagi eng yosh prezidentlardan biri. U milliy bankining yuqori lavozimlarida ishlagan, iqtisodiy nazariya professori, moliya vaziri sifatida tanilgan texnokrat rahbar hisoblanadi.

Foto: president.uz

Saylovoldi dasturida ko‘targan asosiy masalalar — ish o‘rinlari, uy-joy siyosati, yoqilg‘i va narx-navo barqarorligi uning aholiparvar siyosatchi ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston – Paragvay munosabatlari

O‘zbekiston va Paragvay o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 2001 yilda o‘rnatilgan. Biroq o‘tgan davr mobaynida munosabatlar asosan siyosiy muloqot va xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib kelgan. Savdo hajmi ham hozircha katta emas – 2024 yilda $687 mingni tashkil etgan.

Prezident Penyaning tashrifi ana shu holatni o‘zgartirishi, siyosiy muloqotni yuqori darajaga ko‘tarishi va ikki davlat uchun manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirishga xizmat qiladi.

Ko‘ksaroydagi muzokaralar: aniq maqsadlar va yangi takliflar

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. O‘zbekiston bilan Paragvay o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi Paragvay rahbarini samimiy qutlar ekan, Lotin Amerikasi davlati Prezidenti tomonidan O‘zbekistonga ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Mazkur sammit ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berishi ta’kidlandi.

Foto: president.uz

Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiyot, madaniy-gumanitar, ta’lim va boshqa sohalarda kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘zaro savdoni ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqladilar.

Huquqiy asos mustahkamlandi

Toshkentda qator muhim hujjatlar imzolandi:

  • O‘zbekiston va Paragvay Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti;
  • O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasida ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani haqidagi bayonnoma;
  • Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida memorandum.

Bu hujjatlar kelgusi yillardagi amaliy hamkorlikni huquqiy jihatdan ta’minlaydi.

Foto: president.uz

Tashrifning strategik ahamiyati

Aslida, Paragvay rahbarining tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiq va keng qamrovli ekanini yana bir bor namoyon etadi. Markaziy Osiyodan uzoq bo‘lgan Lotin Amerikasi bilan munosabatlarni faollashtirish mamlakatimiz tashqi siyosiy rang-barangligini oshirib, yangi bozorlar bilan integratsiyalashish imkonini beradi.

Xususan, kelgusida Paragvayga bo‘ladigan oliy darajadagi tashrif mintaqaga hali uncha kirib bormagan mamlakatimiz uchun yangi istiqbollar eshigini ochadi. Amerika davlatlari tashkiloti, Janubiy Amerika millatlari ittifoqi (UNASUR), Mercosul tashkilotlari a’zosi hisoblangan Paragvay biz uchun ushbu mintaqaga o‘ziga xos darvoza vazifasini o‘tashi mumkin.

Yangi O‘zbekistonning yangi tashqi siyosiy faoliyati faqat qo‘shnilar va yaqin mamlakatlar bilan emas, balki dunyo mintaqalari bilan teng huquqli va manfaatli hamkorlik qilishga qaratilgan. Paragvay bilan rivojlanayotgan aloqalar ana shu strategik yo‘nalishning yorqin tasdig‘i bo‘la oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring