Konstitutsiyaviy sud bo‘yicha ustuvor maqsadlar belgilandi
Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirishning ustuvor maqsadlari etib belgilandi:
(a) fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish, ularning buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini tiklash imkoniyatlarini kengaytirish;
(b) fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari (shikoyatlari)ni ko‘rib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlar va ovoragarchiliklarni bartaraf etish;
(v) Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini kengaytirish orqali ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan konstitutsiyaviy nazorat o‘rnatish;
(g) konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali Konstitutsiyaviy sud faoliyatida shaffoflikni oshirish.
Oliy Majlis palatalari va Konstitutsiyaviy sudning quyidagi takliflari ma’qullandi:
- Axborotda qayd etilgan taklif va tavsiyalarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan chora-tadbirlar rejasini Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlash hamda uning amalga oshirilishi ustidan nazorat o‘rnatish;
mas’ul davlat organlari tomonidan Oliy Majlis palatalari kengashlari tasdiqlagan chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan belgilangan muddatlarda Oliy Majlis palatalari va Konstitutsiyaviy sudga axborot kiritish.
2027-yil 1-avgustdan boshlab Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarga ega “E-KSUD” axborot tizimi sinov tariqasida joriy etiladi:
(a) Konstitutsiyaviy sudga elektron shaklda murojaat qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish;
(b) fuqarolar va yuridik shaxslarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish;
(v) sud majlislarini jonli efirga uzatish imkoniyatini yaratish;
(g) nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.
Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tashkiliy-huquqiy va axborot-tahliliy jihatdan samarali ta’minlash maqsadida 2026-yil 1-yanvardan qo‘shimcha 8 ta shtat birligi ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 1-martga qadar Konstitutsiyaviy sudni alohida binoda joylashtirish, uni rekonstruksiya qilish va jihozlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter