Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ko‘zlarim yo‘lingda... (hajviya)

Ko‘zlarim yo‘lingda... (hajviya)

Uch kun o‘tdi. Uch kundan beri uni kutaman, yo‘llariga intizorman...

Mana uning tabarruk ostonasi. Ko‘zlarim mo‘ltillab 20 daqiqadan beri kutib o‘tiribman: eshik yopiq.

* * *

Bir kun avval shu tabarruk eshik ochilib, ostonada U paydo bo‘ldi. Ko‘zlarim nurdan qamashgudek yoshlandi. Muborak nigohilarini menga qadadi (Ooo, ne baxt!), zero qabulxonasida mendan boshqa hech zog‘ yo‘q edi.

«Sizga nima kerak?» – dedi osmonlardan ko‘z qirini tashlab.

Salkam bir soatdan beri o‘tirgan stulimga yopishib qolgan ekanmanmi, yo bunday e’tibordan boshim aylandimi, bilolmadim, o‘rnimdan turishga imkon qilolmadim. Qo‘limdagi arizani unga ko‘rsatdim.

«Imzogami?» – so‘radi u arizaga ko‘z qirini tashlab. Men arang «Ha», deyoldim. U bir parcha zormanda qog‘ozimni olib, qabulxona stoliga tashladi:

«Qoldiring! Meni kutmang!»

Bu so‘zlar yuragimga xanjardek sanchildi. Oh, naqadar beshafqatlik! Uning namoyishkorona xonani tark etishi meni yana-da yerparchin qildi.

…Kun o‘tib bordim. U yo‘q. O‘sha tabarruk eshik ortida «tiq» etgan ovoz eshitilmaydi. Surishtirsam, ketibdi. Bir kunlik ish safariga. Ertalabdan sezgan yuragimdagi og‘riqning sabab ayon bo‘ldi: u uzoqda. Mendan uzoqda...

Yana kun o‘tib bordim. Bugun ancha vaqtim bemalol. Ne baxtki, uni liftda ko‘rdim. «Arizam nima bo‘ldi?» deb so‘ramoqchi bo‘lib, og‘iz juftlagancha qoldim. U tushlikka ketayotgan ekan.

«Bemalolmanku, kutaman», dedim o‘zimga-o‘zim. Xonasiga chiqdim. Yana o‘sha qabulxona. Kutdim, ko‘p emas... 1 soatdan sal oshganda U kirib keldi. Stulga yopishib qolmaslik uchun bu safar o‘tirmadim, tik turdim. Unga peshvoz chiqdim. U esa hanuz menga beparvo:

«Imzogami? Tashlab ketavering!»

Men esa zo‘rg‘a «Kecha... eee, yo‘g‘ey, kecha yo‘q ekansiz, o‘tgan kun olib qoluvdingiz... O‘shani olib ketgani kelgandim... » U menga qarashni ham o‘ziga ep ko‘rmay: «Hali ko‘rmadim», dedi va stoldagi bir talay arizalarga ishora qildi.

Men muhim ishning muddati o‘tayotganini aytmoqchi bo‘ldim. Lekin stoldagi arizalarni ko‘rib, bu fikrimdan qaytdim: qanchadan-qancha muhim ishlar oldida bu boshliqning ishlari muhimroq ekanini «yurak-yurakdan his etdim». U tag‘in takabburona yurish qilib, xozir kirib kelgan eshikka yurdi:

«Men Kengashga kirib ketyapman!»

Men esa uning ortidan xuddi armiyaga ketayotgan yigitini kuzatayotgan mahbubadek intilib, «men kutaman», deyishga ulgurdim. U ensasi qotib, menga boshdan oyoq razm soldi-yu, odimlab ketdi.

Men bo‘shashib, stulga o‘tirdim. Kutaman. Kengash 2-3 soatsiz tugamaydi. Axir va’da berdim-ku, kutaman deb.

Faqat men endi bir narsadan hijolat bo‘lyapman: u majlisdan keyin «barmoqlarim charchadi, imzo qo‘ya olmayman» desa nima qilaman?..

Sen qanchalar buyuksan, suyuklisan, keraklisan – BYuROKRATIYa!

Muhayyo Saidova,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring