Latviyada 5 million yevroga teng onlayn-firibgarlik fosh etildi

Yevropa huquqni muhofaza qiluvchi organlari Latviyada yirik raqamli firibgarlik to‘dasini qo‘lga oldi. Bu guruh minglab odamlarni aldab, kamida 5 million yevroga teng zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Latviya politsiyasi, Estoniya, Avstriya, shuningdek, Europol va Eurojust’ning qo‘shma operatsiyasi natijasida «SIMcartel» deb nomlangan operatsiya amalga oshirildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, firibgarlar maxsus SIMbox-platforma orqali minglab SIM-kartalarni noqonuniy tarzda boshqarib, foydalanuvchilar shaxsini yashirish va soxta akkauntlar yaratish imkoniga ega bo‘lgan.
Politsiya hisob-kitobiga ko‘ra, aynan shu tizim orqali 50 millionga yaqin onlayn-akkaunt yaratilgan. Ular yordamida turli mamlakatlarda bank va investitsiya firibgarliklari amalga oshirilgan. Jami 3200 dan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan.
Moddiy zararning asosiy qismi – 4,5 million yevro – Avstriya hissasiga to‘g‘ri kelgan, Latviyadagi yo‘qotishlar esa 420 ming yevroni tashkil etgan.
Europol ma’lumot berishicha, mazkur raqamli kartel onlayn-firibgarlikdan tashqari boshqa jinoyatlarga – migrantlarni noqonuniy olib kirish va shantaj holatlariga ham aloqador bo‘lishi mumkin.
Hozirda yetti nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan bo‘lib, ularning aksari Latviya fuqarolari ekani ma’lum qilindi. Tergov jarayoni Yevropaning bir nechta davlatlarida davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter