Markaziy bank qonunchilik talablarini buzgan yigirmaga yaqin bankni jarimaga tortdi
Markaziy banki tomonidan joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlari monitoringdan o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan maqsad moliyaviy xizmatlar iste’molchilari uchun axborotlar oshkor etilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilishini hamda foydalanuvchilarning to‘liq va ishonchli ma’lumot olish huquqi ta’minlanishni tekshirishdan iborat bo‘lgan.
Monitoring natijasida ayrim banklarning veb-saytlarida ma’lumotlar davlat tilida joylashtirilmaganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, axborotlarni oshkor etish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilmagan holda ayrim banklarning veb-saytlarida kredit ta’minotiga qabul qilingan garov mulklarini kreditning asosiy qarzi qoldig‘iga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibi joylashtirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan Agrobank, Anorbank, Hayotbank, Universal bank, Garant bank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, MKBank, Trastbank, Madad Invest bank, Soderot bank, OFB, Ipoteka-bank, Tenge bank, Ziraat bank, AVO va Openbank kabi banklarning rasmiy veb-saytlarida yuqorida qayd etilgan tartib joylashtirilmaganligi kuzatildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra Markaziy bank tomonidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan banklarning har biriga nisbatan amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq 102 mln so‘mdan jarima chorasi qo‘llanildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda rasmiy veb-saytlardagi ma’lumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.
O‘z navbatida, Markaziy bank barcha tijorat banklaridan:
axborotlarni iste’molchilarga oshkor etishda davlat tiliga doir qonun talablariga so‘zsiz rioya etilishi;
rasmiy veb-saytlarda joylashtirilayotgan ma’lumotlarning to‘liqligi va dolzarbligi ta’minlanishi;
rasmiy veb-saytlarda joylashtirilgan axborotlarni oshkor etishda iste’molchilarining to‘liq, ishonchli va tushunarli ma’lumot olish huquqi hisobga olinishi lozimgini qat’iy ravishda talab qilmoqda.
https://cbu.uz/uz/press_center/news/3000247/


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter