Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchilari Islom sivilizatsiyasi markazini borib ko‘rishdi
Prezidentlar Usmon Mushafi saqlanayotgan Qur’oni karim zalida bo‘ldi, boshqa zallarda esa Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan allomalar merosining yoritilishi, shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid eksponatlar bilan tanishdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjon prezidentlari O‘zbekiston prezidenti bilan birgalikda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida musulmon olamining bebaho ma’naviy durdonasi sanalgan Usmon Mushafi saqlanayotgan Qur’oni karim zaliga tashrif buyurdi.
Qur’onning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan ushbu nodir manba ulkan tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqa xalqlarining sivilizatsiyaviy o‘ziga xosligini shakllantirgan chambarchas ma’naviy rishtalarni ifoda etadi.
Yetakchilar, shuningdek, “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari bilan ham tanishdi.

Ularda buyuk allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulug‘ ulamolarning boy ilmiy va ma’naviy merosi keng yoritilgan. Ko‘rgazmada somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid qo‘lyozma nashrlar va ularning qadimgi o‘zbek tiliga tarjimalari ham bor.
Yetakchilar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni ilgari surish va umumiy gumanitar qadriyatlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

Mintaqaning boy umumiy merosini saqlash va targ‘ib qilish borasidagi O‘zbekistonning keng ko‘lamli sa’y-harakatlariga yuqori baho berildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter