Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mozori Sharifdan Kobulgacha: Elchining tarixiy xotiralari chop etildi

Mozori Sharifdan Kobulgacha: Elchining tarixiy xotiralari chop etildi

Shu kunlarda “Yangi sahifa” nashriyotida taniqli diplomat Yodgorxo‘ja Shodmonovning “Ikki qutb orasida” nomli kitobi chop etildi. Har bir insonning o‘z hayot yo‘li, manzillari va yorqin xotiralari bo‘ladi. Ammo shunday kasblar borki, ular nafaqat sharafli, balki nihoyatda mas’uliyatlidir – elchilik faoliyati ana shunday sohalardan biri.

2005-2009 yillarda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Bosh konsul, 2012-2021 yillarda esa O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida sermahsul faoliyat yuritgan muallifning ushbu asari ham tarixiy, ham ilmiy va badiiy jihatdan beqiyos qimmatga ega. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda diplomat Abror G‘ulomovning avtobiografik asari nashr etilib, xalqimizga armug‘on qilinganiga guvoh bo‘lgan edik. Endilikda ushbu an’ananing Yodgorxo‘ja Shodmonov tomonidan davom ettirilishi quvonarli hol.

Men Yodgorxo‘ja aka haqida “Jahon” axborot agentligida ishlab yurgan kezlarimda hamkasblar va ustozlarimizdan ko‘p ijobiy fikrlar eshitganman. 1961 yilda tug‘ilgan muallif o‘z faoliyati davomida dastlab yoshlar tashkilotlarida, Toshkent davlat texnika universiteti prorektori lavozimida hamda “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi o‘rinbosari sifatida samarali mehnat qilgan.

1999-2000 yillarda Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati kotibiyati mudiri, 2000-2005 yillarda Kadrlar va o‘quv muassasalari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, keyinchalik boshlig‘i, Afg‘onistondagi Bosh konsullikdan qaytgach esa 2010-2012 yillarda Konsullik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida sidqidildan xizmat qildi. Ko‘plab insonlarga yordam qo‘lini cho‘zgan, Vatan ravnaqi yo‘lida bor bilim va tajribasini safarbar etgan kamtarin va malakali diplomatning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, 2022 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani ham fikrimiz isbotidir.

Qiziqarli va samimiy tilda yozilgan ushbu kitobni mutolaa qilar ekansiz, elchilik davri muallif uchun chinakam sinov va mazmunli hayot maktabi bo‘lganiga amin bo‘lasiz.

“Bu yillar davomida men nafaqat xizmat burchimni ado etdim, balki dunyoqarashimni kengaytirdim, inson qiymatini, tinchlik qadrini va mehr-oqibatning beqiyos kuchini yanada teranroq his etdim. Bu yurtda vaqt bilan yuzma-yuz turib zamon va hayot ziddiyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnash keldim, o‘zligimni teran angladim. Ana shu ikki qutb o‘rtasida kechgan hayot menga sabrning chegarasiz kuchini, do‘stlikning beqiyos qudratini, osoyishtalikning eng bebaho ne’mat ekanini chuqurroq anglatdi. Diplomatik xizmatning mashaqqati, kunu tun mas’uliyati, xavf-xatar va sinovlari mening irodamni chindan ham chiniqtirdi”, deb yozadi muallif.

Kitob orqali Afg‘oniston bizga qo‘shni bo‘lsa-da, ichki vaziyati va murakkab siyosiy-harbiy jarayonlari biz uchun ancha notanish bo‘lgan davlatning haqiqiy manzarasini anglaymiz. Salkam yarim asrdan buyon tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan bu yurt odamlarining yuksak g‘ururi, samimiyati va mehmondo‘stligi o‘quvchida katta taassurot qoldiradi. Muallif Balx, Jauzjon, Samangon, Faryob, Hirot kabi viloyatlar, Kobul, Mozori Sharif, G‘azni kabi shaharlar haqida shunday mahorat bilan hikoya qiladiki, voqealar beixtiyor ko‘z oldingizda jonlanadi.

Ayniqsa, Afg‘onistonning 100 ga yaqin yetakchilari, qo‘mondonlari va nufuzli shaxslari haqidagi ma’lumotlar, ularning siyosiy tiynati va salohiyati tarixiy izchillikda mahorat bilan ochib berilgan. Shuningdek, muallifning oddiy afg‘on dehqoniga bo‘lgan ehtiromi, ularning matonati va yashovchanligiga bergan ta’rifi kitobning ta’sirchanligini oshirgan.

Yodgorxo‘ja Shodmonov Afg‘oniston Islom Respublikasining ikki prezidenti davrida ham, “Tolibon” hokimiyatga kelgan og‘ir kunlarda ham o‘z burchiga sodiq qoldi. Elchixona yaqinidagi mudhish terrorchilik harakati oqibatida og‘ir jarohat olib, uzoq muddat davolangan bo‘lsa-da, mardlik bilan o‘z missiyasini davom ettirdi. Uning siymosida o‘z davlati manfaatini har narsadan ustun qo‘yadigan, vatandoshlarini himoya qilishni muqaddas burch deb biladigan haqiqiy vatanparvar diplomatni ko‘ramiz.

Asarning keyingi boblarida 2016 yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik, konstruktiv muloqot va pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyati shaxsiy tajribalar asosida batafsil yoritilgan.

“Ikki qutb orasida” kitobi shunchaki voqealar bayoni emas, balki elchining qalb iztiroblari, hayratlari va teran mushohadalari in’ikosidir. Nodir fotosuratlar bilan boyitilgan ushbu asar diplomatlar, afg‘onshunoslar, talabalar va keng kitobxonlar ommasi uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring