Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda «Eski shahar» majmuasi barpo etiladi

Namanganda «Eski shahar» majmuasi barpo etiladi

Prezidentning «2026-yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, viloyat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshiriladi.

Qaror bilan 2026–2027-yillarda Namanganda 20 nafar «chempion» tadbirkor tanlab olinib, ularning korxonalarida mehnat unumdorligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar joriy etiladi.

Bu jarayonda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti — «GIZ» bilan hamkorlikda ishlab chiqarishni maqbullashtirish va mahsulot tannarxini qisqartirishga xizmat qiluvchi «Lean Six Sigma» dasturi amalga oshiriladi.

Qarorda viloyatning turizm salohiyatini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Namangan shahrining Sharq tongi mahallasidagi Samarqand va Ko‘zagarlik ko‘chalari negizida yangi turistik hudud tashkil etiladi.

Loyihaga ko‘ra, mazkur hudud Toshkent shahridagi Zarqaynar ko‘chasi namunasi asosida milliy me’morchilik, hunarmandchilik an’analari va zamonaviy servisni uyg‘unlashtirgan «Eski shahar» turizm majmuasiga aylantiriladi.

Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda «Kichik biznesga maslahat» dasturi doirasida tadbirkorlarga konsalting xizmatlari ko‘rsatish hamda moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Qarorning muhim yo‘nalishlaridan biri kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hisoblanadi. Unga ko‘ra, 2027–2028-o‘quv yilidan Yangiqo‘rg‘on tumani 2-sonli texnikumi va Chortoq tumani 1-sonli texnikumida Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur ta’lim muassasalarida xizmat ko‘rsatish va turizm sohalari uchun Yevropa andozalari asosida mutaxassislar tayyorlanadi. Texnikumlarning ikki yillik kasbiy ta’lim dasturlarida o‘qish davlat granti asosida tashkil etiladi. Bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom berilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring