Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

OAV yangilangan o‘zbek alifbosida ishlashi majburiy qilinadi

OAV yangilangan o‘zbek alifbosida ishlashi majburiy qilinadi

«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun kuchga kirgach, ommaviy axborot vositalari yangilangan alifboda ish yuritishi majburiy qilinadi. Bu haqda Senatning 19-yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, yangilangan alifbo rasmiy ish yuritish va davlat idoralarida ham yagona standart sifatida qo‘llanadi.

«Qonun kuchga kirgandan keyin barcha ommaviy axborot vositalari tasdiqlangan, takomillashtirilgan alifboda ish yuritishini qat’iy qilib qo‘yishni rejalashtiryapmiz», – dedi Xolbo‘tayev.

Shu bilan birga, fuqarolar shaxsiy yozishmalarda o‘zlari o‘rgangan alifbodan foydalanishda davom etishi mumkin. Majburiy talab asosan rasmiy ish yuritish va rasmiy OAVga taalluqli bo‘ladi.

Xolbo‘tayevning ta’kidlashicha, yangi alifboga o‘tish uchun texnologik sharoitlar ham yaratiladi. Jumladan, klaviaturalarga yangi harflarni joylashtirish, matnlarni amaldagi kirill va lotin yozuvidan yangilangan alifboga avtomatik o‘giruvchi dasturlarni keng joriy etish rejalashtirilgan.

Uning ma’lum qilishicha, alifboni takomillashtirish bo‘yicha so‘nggi 10 yilda 10 dan ortiq konferensiya va muhokamalar o‘tkazilgan, hozir qabul qilinayotgan variant esa beshinchi loyiha hisoblanadi.

Yangi variantni tayyorlashda raqamli texnologiyalarga moslik, qardosh xalqlar va Yevropa davlatlari alifbolari tajribasi inobatga olingan. Xolbo‘tayevga ko‘ra, yangilangan harflar jadidlar 100 yil avval qo‘llagan alifbo va 1993-yilda qabul qilingan lotin alifbosidagi shakllarga yaqin. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring