Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oilaviy ajrim milliarderga salkam 2 mlrd dollarga tushdi

Oilaviy ajrim milliarderga salkam 2 mlrd dollarga tushdi

Foto: Asiae.co.kr

Seul sudi 52 yoshli milliarder, o‘yinlar ishlab chiqaruvchi Smilegate kompaniyasi asoschisi Kvon Xyuk-binni sobiq rafiqasi Li Xva-jinga 2,55 trillion von (taxminan 1,87 milliard dollar) to‘lashni buyurdi. Bu haqda Yonhap axborot agentligi xabar berdi.

Ular 20 yildan ortiq turmush qurishgan. Sud Smilegate kompaniyasining 2,5 trillion vonga baholangan 35 foiz ulushini, janob Kvonga esa 65 milliard von (48,6 million dollar) naqd pulni berishni buyurdi. Nikkei ma’lumotlariga ko‘ra, bu Janubiy Koreya tarixidagi rekord darajadagi ajralish kelishuvidir.

​Kvon Xyuk-bin 2002-yilda Crossfire va Lost Ark kabi bir nechta mashhur o‘yinlarni ishlab chiqqan Smilegate kompaniyasiga asos solgan. Kompaniya hozirda mamlakatdagi uchinchi eng qimmatli o‘yin ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Janob Kvonning o‘zi Janubiy Koreyadagi eng boy odamlardan biri. Bloomberg uning sof boyligini 3 milliard dollarga baholamoqda.

​Li Xva-jin 2022-yilda ajrashish uchun ariza bergan. U kompaniyaning 50 foiz ulushini talab qilgan. Li xonimning ta’kidlashicha, u va Kvon Xyuk-bin 2001-yilda, Smilegate kompaniyasini tashkil etishdan bir yil oldin turmush qurishgan va shuncha yillar davomida ularning farzandlarini tarbiyalab, uy xo‘jaligini boshqarib kelgan. Janob Kvon esa, o‘z navbatida, rafiqasi kompaniyaga na sarmoya kiritganini va na u yerda ishlaganini da’vo qildi. Biroq, Li xonimning advokatlari uning biznesni moliyalashtirishda ishtirok etganini va 2000-yillarning boshlarida kompaniyada ishlaganini da’vo qilishmoqda.

​Hozirgacha Janubiy Koreyadagi eng katta ajrashish to‘g‘risidagi kelishuv SK Group texnologiya kompaniyasi raisi Che Te-Vonning kelishuvi bo‘lgan. Sud uni sobiq xotiniga 944 milliard von (645 million dollardan ortiq) to‘lashga majbur qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring