O‘zbekiston-AQSh: oxirgi 7 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,1 barobarga oshdi
2017–2024 yillar davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,1 barobarga oshdi — 215 mln dollardan 881,7 mln dollarga yetdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, bunda eksport 9,9 barobarga o‘sib, 32,1 mln dollardan 317,4 mln dollarga, import esa 3,1 martaga ko‘payib, 182,9 mln dollardan 564,3 mln dollarga yetdi. Ko‘rsatilgan davrda AQShning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi ham o‘sdi: umumiy tovar ayirboshlashda 0,8 foizdan 1,3 foizga, eksportda 0,3 foizdan 1,2 foizga, importda esa 1,3 foizdan 1,4 foizgacha ko‘tarildi.
2025-yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 719,1 mln dollarni tashkil etdi (+5,6 foiz), shundan O‘zbekistonning AQShga eksporti — 317,4 mln dollar, AQShdan importi — 564,3 mln dollar.
Savdo tarkibi
AQShga eksport tarkibida asosiy ulushni xizmatlar — 50,6 foiz (dasturiy ta’minot, moliya, axborot va transport xizmatlari) hamda neft mahsulotlari — 36,9 foiz (dizel yoqilg‘isi, kerosin, neft vazelini va boshqalar) tashkil etadi. Shuningdek, sanoat mahsulotlari — 4,1 foiz (alyuminiy profillari, to‘qimachilik mahsulotlari, mis buyumlar), mashina va uskunalar — 3,7 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari — 2,2 foiz (quritilgan mevalar, ziravorlar), nooziq-ovqat xomashyolari — 1,8 foiz (qimmatbaho metallar chiqindilari), tayyor mahsulotlar — 0,5 foiz, kimyoviy moddalar — 0,1 foiz, hamda ichimliklar va tamaki — 0,1 foizni tashkil etadi.
AQShdan import tarkibida asosiy o‘rinni mashina va uskunalar — 57,5 foiz (uchuvchi apparatlar, avtomobillar va ularning qismlari, hisoblash qurilmalari, dvigatellar, nasoslar, sanoat uskunalari) egallaydi. Shuningdek, xizmatlar — 22,2 foiz (moliyaviy, litsenziyaviy, lizing va transport xizmatlari) ham katta ulushga ega. Qolgan qismni kimyoviy moddalar — 6 foiz (dorivor vositalar, bog‘lovchi va kosmetik moddalar), tayyor mahsulotlar — 5,1 foiz (asbob-uskunalar, qog‘oz mahsulotlari), sanoat tovarlari — 4,3 foiz (plastmassa va elektr-texnika buyumlari), oziq-ovqat mahsulotlari — 2,6 foiz (parranda go‘shti va boshqa oziq mahsulotlar), nooziq-ovqat xomashyo — 1,5 foiz (sellyuloza va boshqalar) hamda ichimliklar va tamaki — 0,7 foiz tashkil etadi.
Investitsiyaviy hamkorlik
2025-yil 1-oktyabr holatiga O‘zbekistonda amerika kapitali ishtirokida 339 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining taxminan 2 foiziga teng. Shulardan 89 tasi — qo‘shma korxona, 250 tasi — AQSh kapitali to‘liq ishtirokidagi korxonadir.
So‘nggi 8 yilda AQShdan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 63 baravarga oshib, 2017-yildagi 8,6 mln dollardan 2024-yilda 545,9 mln dollarga yetdi. Umuman olganda, 2017–2024 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga AQShdan jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarining umumiy hajmi 2,6 mlrd dollardan oshdi.
Investitsiyalar asosan tog‘-kon-metallurgiya sanoati (tabiiy gaz qazib chiqarish), ishlab chiqarish sanoati (metallurgiya, avtomobil vositalari, ichimliklar va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish), qurilish, xizmatlar sohasi (ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar, ta’lim), qishloq xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan.
Huquqiy baza va erishilgan kelishuvlar
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida savdoda eng qulay sharoitlar rejimi amal qilmoqda.
2024 yil sentyabr oyida O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda AQSh o‘rtasida “Strategik muhim minerallar sohasida anglashuv memorandumi” imzolandi. Hujjat geologik qidiruv ishlari, qazib olish va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar zanjirini yaratishda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, 2024-yil sentyabrda “Bojxona hamkorligi va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi bitim” imzolandi. U axborot almashinuvi va noqonuniy narkotik aylanmasiga, jinoiy daromadlarni legallashtirishga, bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga, odam savdosi hamda transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi qo‘shma choralarni nazarda tutadi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va turizm sohalaridagi munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi farmoni bilan AQSh fuqarolari uchun 2026 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatga kirishda vizasiz rejim joriy etildi.
Ko‘p tomonlama hamkorlik formati — “C5+1”
2015-yildan buyon Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi darajasidagi “C5+1” hamkorlik formati samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
2023-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlari darajasidagi ilk sammit bo‘lib o‘tdi.
2024 yil sentyabrda esa Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi ishtirokidagi navbatdagi uchrashuv doirasida “C5+1 mineral resurslar bo‘yicha muloqot” yo‘lga qo‘yildi hamda AQSh va mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilk “B5+1” forumi o‘tkazildi.
Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan davlat rahbarlari darajasidagi C5+1 sammiti iqtisodiy, investitsiya va texnologik hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini aniqlash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining global ta’minot zanjirlarida ishtirokini kengaytirish va energetika, transport va “yashil” iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini hal qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, innovatsiyalar, ta’lim va xavfsizlik bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar muhokama qilinib, ular orqali barqaror rivojlanish va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olinishi rejalashtirilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter