O‘zbekiston iqtisodiyotida xizmatlar sohasining ulushi 50 foizdan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yilning 6 oyi davomida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti tarkibida tarmoqlarning yalpi qo‘shilgan qiymati 1 027,6 trln so‘m, ya’ni 95,8 foizga yetgan. Mahsulotlarga sof soliqlar esa 45 trln so‘m yoki 4,2 foizni tashkil qilgan.
Tarmoqlarning yalpi qo‘shilgan qiymatida eng katta ulush xizmatlar sohasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu yo‘nalishda 521,6 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratilgan bo‘lib, umumiy hajmning 50,8 foizini tashkil etgan.
YaIM tarkibida xizmatlardan keyin ikkinchi o‘rinni sanoat egallagan. Hisobot davrida sanoat tarmog‘ining yalpi qo‘shilgan qiymati 272,6 trln so‘m bo‘lib, uning ulushi 26,5 foizga teng bo‘lgan.
Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 154,3 trln so‘mlik yalpi qo‘shilgan qiymat yaratilgan. Bu tarmoqning YaIM tarkibidagi ulushi 15 foizni tashkil etgan.
Qurilish sohasida esa yarim yilda 79,2 trln so‘m yalpi qo‘shilgan qiymat shakllangan. Natijada ushbu tarmoqning iqtisodiyotdagi ulushi 7,7 foizni tashkil qilgan.
2026 yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichlar xizmatlar sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotida eng katta qo‘shilgan qiymatni yaratayotgan tarmoq ekanini ko‘rsatmoqda. Uning ulushi 50 foizdan oshdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter