Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqorilagan

O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqorilagan

Bugun, 21-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

«Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda.

Bunday texnologiyalar iqtisodiyotdan tortib, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda.

Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi», – dedi davlat rahbari.

Yil boshida 2030 yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar bu raqam 20 trillion dollardan ortishini ko‘rsatyapti.

O‘zbekistonda ham sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi.

Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi.

O‘tgan yili Sun’iy intellektni 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.

Raqamli texnologiyalar vazirligida mazkur soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi.

Bir yilda mamlakatimiz sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi (dunyoda 70-o‘rin, Markaziy Osiyoda 1-o‘rin).

2030 yilda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Lekin xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.

Buning uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi yanada ko‘p ishlashi, vazirlar, hokimlar, tarmoq rahbarlari esa haftada bir kunini shu sohani rivojlantirishga ajratishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Hamma vazirlar, hokimlar chet elga borganida sun’iy intellekt iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga qanday hissa qo‘shayotgani, aholiga, biznesga nima yengillik berayotganini ko‘ryapti. Bizda ham shuni qilsa bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi», – dedi Prezident.

Masalan, tarmoqlardagi ko‘plab korxonalar biznes jarayonlarini raqamlashtirib, xarajatlarini 10 foizgacha kamaytirayotgani qayd etildi. Sun’iy intellekt ham joriy etilsa, samaradorlik yanada oshishi ta’kidlandi.

Adliya, soliq idoralari sun’iy intellekt yordamida 24/7 rejimida onlayn maslahat tizimini ishga tushirdi. Bojxona qo‘mitasi sun’iy intellekt orqali xavfni boshqarish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Geologiyada ham sun’iy intellekt yordamida videotahlil tizimini yo‘lga qo‘yib, rudadan olinadigan metall hajmini 1-2 foizga oshirish bo‘yicha loyiha tayyorlanmoqda. Bu birgina mis qazib olishning o‘zidan yiliga 20 million dollar qo‘shimcha daromad keltiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring