Sun’iy intellekt suvimizni «ichib qo‘ymoqda»
Bugungi kunda sun’iy intellekt tizimlari butun insoniyat qadoqlangan idishlardan ichayotgandan ham ko‘p suvni iste’mol qilmoqda. Patterns jurnalida chiqqan tadqiqotga ko‘ra shunday.
Sun’iy intellekt 2024-yil oxirida 5,3 dan 9,4 gigavattgacha quvvat talab qilgan bo‘lsa, 2025-yil oxirida unga sarflanayotgan quvvat 23 gigavattga yetadi. Yillik hisobda bu 201,5 teravatt-soat degani, agar sun’iy intellekt mamlakat bo‘lganida, energiya iste’moli bo‘yicha 38 million aholi yashovchi Malayziyadan oldinda va Misrdan keyin dunyoda 25-o‘rinni egallagan bo‘lardi.
ChatGPT bitta savolingizga javob berish uchun bir kishining kunlik normasidagi suvni iste’mol qiladi.
Sun’iy intellekt tizimlarini sovitish uchun juda ko‘p suv sarflanadi, ammo u bug‘lanib ketib, mahalliy suv havzalari, shaharlar, qishloq xo‘jaligi va sanoatda «chanqoqlik»ka olib kelmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, hozir jami insoniyat qadoqlangan idishlardan iste’mol qilayotgandan ham ko‘proq suvni sun’iy intellekt «ichib qo‘ymoqda».

Ulkan texnologiya kompaniyalari bulutli texnologiyalari bilan maqtanishadi, ammo quvurlar, nasoslar va bug‘latgichlar haqida miq etishmaydi. Google yoki Apple hali ham ekologik hisobotlarini bir tomonlama e’lon qilmoqda, Amazon esa ma’lumotlar markazlarining suv va energiya resurslariga ta’siri haqidagi dalillarni «temir sandiq»da saqlayapti.
2028-yilda AQShda taxminan 35 gigavatt elektr energiyasi taqchilligi yuzaga kelishi prognoz qilinmoqda, sun’iy intellekt bu infratuzilmaga eng katta bosimlardan biriga aylanmoqda. Suv — deyarli tilga olinmaydigan ikkinchi tor resurs. Infratuzilma bunday miqyosda qurilganda, ertami-kechmi jismoniy chegaralar paydo bo‘ladi: qaysidir nuqtada hatto mahalliy hokimiyat ham energiyaga bo‘lgan ortiqcha yuk tufayli «yo‘q» deyishga majbur bo‘ladi, muvofiqlashtiruvchilar murvatlarni buraydi, yangi ma’lumotlar markazlarini qo‘yadigan joy yo‘q — resurslar mutlaqo yetishmaydi. Bu yoqimsiz mavzu, chunki jismoniy cheklovlar cheksiz o‘sish grafiklari bilan chiqishmaydi. Ammo hozirgi sun’iy intellekt poygasi qachongacha va qayergacha davom etishi baribir suvga borib taqalaveradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter