Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston – Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar qatorida

O‘zbekiston – Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar qatorida

Prezident Mirziyoyev kasaba uyushmalari bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda bugungi kunda  har bir insonning huquq va erkinligini ta’minlash, mehnatini muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyadan foydalanishi uchun mustahkam qonuniy asoslar yaratilganini ta’kidladi.

Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiya, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi, «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilingani bu yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘ldi.

Parlament huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlari tarkibiga kasaba uyushmalari vakillari ham kiritildi. Bu esa qonunlarni qabul qilishda xodimlar manfaati yanada ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ham yetakchi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Ijtimoiy institutlarni qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1 trillion 200 milliard so‘mga yetdi.

Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini ko‘rib chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston – Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring