Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes bepul diagnostika qilinadi

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes bepul diagnostika qilinadi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi kichik va o‘rta korxonalar uchun bepul diagnostika dasturi ishga tushirilganini ma’lum qildi. Loyiha Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati («GIZ»), Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda «Integration» kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Dastur doirasida tadbirkorlarning mehnat unumdorligi va resurslardan foydalanish samaradorligi baholanadi. Diagnostika kichik va o‘rta korxonalarda jarayonlar unumdorligini oshirishga qaratilgan tajriba-sinov loyihasi doirasida o‘tkaziladi.

Ishtirokchilar korxonada vaqt va moliyaviy resurslar yo‘qotilishiga olib kelayotgan asosiy muammolarni aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, mavjud resurslardan samaraliroq foydalanish bo‘yicha tavsiyalar oladi.

Diagnostika jarayonida xomashyo, energiya va boshqa resurslarni tejash imkoniyatlari ham o‘rganiladi. Bu korxonalarda mavjud xarajatlarni kamaytirish uchun qaysi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish zarurligini aniqlashga yordam beradi.

Tadbirkorlarga mahsulotlar tannarxini pasaytirish va ularning sifatini oshirish bo‘yicha amaliy yechimlar to‘plami taqdim etiladi. Shu orqali korxonalarda ish jarayonlarini yanada samarali tashkil etish imkoniyati yaratiladi.

Dasturda ishtirok etish uchun tadbirkorlar 1-sentyabrga qadar ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Diagnostika xizmatlari ishtirokchilar uchun bepul amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring