Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda xalqaro kongress, biznes-forum, investitsiya anjumanlari va ko‘rgazmalar o‘tkazish rag‘batlantiriladi

O‘zbekistonda xalqaro kongress, biznes-forum, investitsiya anjumanlari va ko‘rgazmalar o‘tkazish rag‘batlantiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 8 iyuldagi 373-son qarori bilan mamlakatda ishbilarmonlik turizmi (MICE turizm)ni rivojlantirish va mazkur sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi joriy etildi. Qaror mamlakatga xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqaro konferensiyalar, forumlar, ko‘rgazmalar va korporativ tadbirlarni O‘zbekistonda o‘tkazish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Mazkur qarorga muvofiq, respublika hududida MICE tadbirlarini tashkil etgan va ushbu tadbirlarda kamida 100 nafar chet ellik ishtirokchining qatnashishini ta’minlagan tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan muhim moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chorasi belgilandi. Endi ularga respublika budjetiga haqiqatda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasining 50 foizi qaytarib beriladi. Bu esa yirik xalqaro tadbirlarni mamlakatimizga jalb qilishda muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.

Qaror bilan ushbu imtiyozdan foydalanishning aniq va shaffof tartibi ham tasdiqlandi. Xususan:

• MICE tadbirlarini tashkil etuvchi subyektlarga qo‘yiladigan talablar;

• murojaat qilish tartibi va taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati;

• murojaatlarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish mexanizmi;

• qaytariladigan mablag‘larni hisoblash hamda ularni respublika budjeti hisobidan moliyalashtirish tartibi belgilandi.

Bugungi kunda MICE turizm dunyo turizm industriyasining eng yuqori daromad keltiradigan yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ishbilarmonlik tadbirlari ishtirokchilari odatiy turistlarga nisbatan ko‘proq xarajat qilishi, mehmonxona, transport, umumiy ovqatlanish, madaniy va ekskursiya xizmatlaridan keng foydalanishi bilan ahamiyatlidir.

Yangi qaror O‘zbekistonning xalqaro kongresslar, biznes-forumlar, investitsiya anjumanlari va ko‘rgazmalarni qabul qiluvchi nufuzli mintaqaviy markaz sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat turizm sohasi, balki mehmonxona biznesi, transport, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari va mamlakat iqtisodiyotining boshqa sohalari rivojiga ham yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring